Toshkent shahar hokimi v.b. Sh.Umurzoqov boshchiligidagi delegatsiya Xitoyning Shenchjen shahridagi “Shenzhen Bus Group” korxonasiga hamda “BYD”kompaniyasiga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida korxonaning tarixi va faoliyati haqida atroflicha ma’lumot berildi, shuningdek, shahar jamoat transporti va taksi tizimini boshqarish uchun mo‘ljallangan Vaziyatlar markazi faoliyati bilan yaqindan tanishildi.

Xususan, elektrobuslar harakatini nazorat qilish, yo‘lovchilar oqimiga qarab harakat yo‘nalishlarini boshqarish, avtobuslarni zaryadlash va hokazolar haqida ma’lumot berildi.

Tashrif doirasida, “BYD” kompaniyasi prezidenti Vang Chuangfu bilan uchrashuv tashkil etildi.

Sh.Umurzoqov kompaniyaning faoliyati va jamoat transportini boshqarish bo‘yicha ulkan tajribasini o‘rganish muhimligini va Toshkent shahrida jamoat transportini rivojlantirish bilan birga, mazkur sohada ishlovchi mutaxassislar malakasini oshirish muhimligini ham ta’kidlab o‘tdi.

Uchrashuv davomida kompaniya Prezidenti “BYD” kompaniyasining faoliyatini kengaytirish, O‘zbekiston avtomobilsozlik bozoriga kirish yo‘lida mamlakatimiz rahbariyati tomonidan bildirilgan ishonch va hamkorlik uchun o‘z minnatdorligini bildirdi. Mamlakatimizning ikki hududida zavodlar qurish bo‘yicha ishlar jadal ketayotganligini hamda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanligini aytib o‘tdi.

Ikki tomonlama hamkorlik doirasida qilinadigan ishlarni aniq belgilab olish va yaqindan hamkorlik qilish maqsadida Ishchi guruh tuzish va “Qo‘shma dastur” ishlab chiqish, shuningdek, kommunal sohani zamonaviy texnikalar bilan ta’minlash yuzasidan ham hamkorlik qilish istagini bildirdi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA