Qatar yashil maydonlarida futbol bo‘yicha o‘tkazilayotgan Osiyo kubogida guruh bosqich uchrashuvlari o‘z yakuniga yetdi va nimchorak final bosqichida ishtirok etadigan jamoalar nomi aniqlandi. Bu galgi futbol sharhimizda guruh bosqichining so‘nggi uchrashuvida qayd etilgan natijalar, O‘zbekistonning navbatdagi raqibi va o‘zaro o‘yinlar tarixiga e’tibor qaratamiz.

Demak, kuni kecha “E“ va ”F“ guruhlarida musobaqaning so‘nggi uchinchi tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi. Qizig‘i shundaki, mazkur guruhdagi uchrashuvlarda terma jamoalar muxlislar uchun o‘yin o‘tkazmadi, aniqrog‘i, navbatdagi bosqichdagi raqiblarini tanlashdi. Ajoyib holat!

Osiyo kubogi guruh bosqichining uchinchi turida “E“ guruhida Bahrayn Iordaniyani 1:0 hisobida mag‘lub qilib, umumiy 6 ochko jamlagan holda birinchi o‘rin bilan pley-offga yo‘l oldi. Janubiy Koreya esa kutilmaganda Malayziya bilan 3:3 hisobida durang o‘ynadi va ikkinchi o‘rin sohibi sifatida guruhdan chiqdi. Iordaniya esa 4 ochko bilan uchinchi bo‘ldi. Malayziya esa 1 ochko jamg‘arishga muyassar bo‘ldi.

Janubiy Koreya guruh favoriti sifatida o‘yinlar o‘tkazdi. Biroq so‘nggi turda ushbu jamoa uchun har tomonlama qulay bo‘lgan Malayziyaga qarshi o‘yinda bir amallab durang qayt etdi. Aslida, Janubiy Koreya so‘nggi turdagi raqibi ustidan g‘alaba qozonishga ham qodir edi. Biroq ushbu o‘yinda ularga g‘alaba emas, durang kerak bo‘ldi. Bunga sabab, koreyalik futbolchilar guruhda birinchi o‘rinni olsa 1/8 finalda Yaponiyaga qarshi chorak final yo‘llanmasi uchun kurashishga to‘g‘ri kelishini his qilgan holda o‘yinni durang hisobda yakunlashni istashdi va buni uddalashdi.

Janubiy Koreya terma jamoasi bosh murabbiyi germaniyalik Yurgen Klinsman ushbu holatga shunchaki kulib qo‘ydi. O‘z-o‘zidan Iordaniya ham navbatdagi bosqichdagi raqibini tanlagan ko‘rinadi. So‘nggi turda Bahraynga qarshi o‘yindagi mag‘lubiyat evaziga guruhdan uchinchi o‘rinni egallab, nimchorak finalda Iroqqa qarshi o‘yin o‘tkazadigan bo‘ldi. Aslida ushbu jamoa ikkinchi pog‘onada guruhdan chiqsa, Saudiya Arabistoniga to‘qnash kelishi ehtimoli yuqori edi.

“F“ guruhida ham 3-turda kutilmagan natija qayd etildi. Saudiya Arabistoni – Tailand bahsi 0:0 hisobida yakunlandi. Birinchi bo‘limning ilk daqiqalarida Manchini shogirdlari penaltini, golga aylantira olmadi. Jamoalar o‘yin davomida 4 bor gol urdi va ushbu gollarning barchasi o‘yindan tashqari holat deya e’tirof etildi. Qirg‘iziston – Ummon bahsi esa 1:1 hisobida yakunlandi.

Shu tariqa “F“ guruhida Saudiya Arabistoni 7 ochko bilan peshqadam bo‘ldi. Tailand esa 5 ochko bilan ikkinchi o‘rinni egalladi. 2 ochko to‘plagan Ummon o‘z guruhida uchinchi o‘rindan joy oldi. Qirg‘iziston ham musobaqani ochkosiz tark etmaydigan bo‘ldi.

Quyida, Osiyo kubogining 1/8 final bosqichida o‘zaro raqobatlashadigan terma jamoalar bilan tanishasiz:

1/8 final juftliklari

28 yanvar 16:30 Avstraliya – Indoneziya;

28 yanvar 21:00 Tojikiston – BAA;

29 yanvar 16:30 Iroq – Iordaniya;

29 yanvar 21:00 Qatar – Falastin;

30 yanvar 16:30 O‘zbekiston – Tailand;

30 yanvar 21:00 Saudiya Arabistoni – Janubiy Koreya;

31 yanvar 16:30 Bahrayn – Yaponiya;

31 yanvar 21:00 Eron – Suriya.

Mazkur juftliklar o‘rtasidagi bahslarda g‘olib bo‘lgan jamoa chorak final bosqichiga yo‘l oladi. Ushbu bosqichda qanday juftlik hosil bo‘lishi mumkinligini quyida e’tiboringizga havola qilamiz:

Tojikiston – BAA / Iroq – Iordaniya;

Avstraliya – Indoneziya / Saudiya Arabistoni – Janubiy Koreya;

Eron – Suriya / Bahrayn – Yaponiya;

Qatar – Falastin / O‘zbekiston – Tailand.

Musobaqaning 1/8 final bosqichi juftliklari orasida biz uchun eng ahamiyatlisi O‘zbekiston – Tailand terma jamoalari bahsidir.

Terma jamoamiz navbatdagi raqibi bilan shu kunga qadar 10 marotaba to‘qnash kelgan. Mazkur bahslarning 6 tasida Tailand termasi zafar quchgan bo‘lsa, 4 o‘yinda O‘zbekiston terma jamoasi g‘alaba qozongan. Bu jamoalar ilk marotaba 1994 yili Xirosima shahrida o‘tgan Osiyo o‘yinlarida raqobatlashgan o‘sha o‘yinda vakillarimiz 5:4 hisobida ustun kelgan. So‘nggi bora esa 2022 yilning 15 iyun kuni aynan hozirda o‘tayotgan Osiyo o‘yinlarining saralash bosqichi doirasida o‘zaro raqobatlashgan. Namanganda o‘tkazilgan o‘yinda Jaloliddin Masharipov va Azizbek Turg‘unboyev kabi mahoratli futbolchilarimizning gollari evaziga 2:0 hisobida Tailand terma jamoasidan ustun kelganmiz.

Albatta, o‘zaro o‘yinlar statistikasida Tailand jamoasi ustun kelayotgan bo‘lsada, ammo 2007 yildan beri O‘zbekiston milliy terma jamoasini yengga olgani yo‘q.

Xabaringiz bor, bu yilgi Osiyo o‘yinlarida har ikki terma jamoa ham hali biror marotaba mag‘lub bo‘lmadi. Guruh bosqichidan ham bir xil tarzda chiqdi – bir g‘alaba, ikki darang. To‘g‘ri mazkur o‘yin oldidan O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida jarohatlar sabab bir qator futbolchilar maydonga tusha olmayapdi. Lekin bu muammo terma jamoamiz uchun jiddiy emas va tarkibimizda iqtidorli futbolchilar mavjud. Shuningdek, o‘yin 30 yanvar kuni bo‘lib o‘tishi bizning tarkib to‘liq tiklanishi uchun ancha qulaydir. Sababi, so‘nggi o‘yinni terma jamoamiz 23 yanvar kuni o‘tkazdi va 30 yanvar kuniga qadar dam olishlari mumkin bo‘ldi. Tailand esa 25 yanvar kuni maydonga tushdi, ularning dam olishi uchun esa bor-yo‘g‘i 5 kun bor.

Umid qilamizki, milliy terma jamoamiz 1/8 final bosqichida munosib ishtirok etib, chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritadi. O‘zbekiston terma jamoasi chorak final yo‘llanmasini qo‘lga kiritsa, katta ehtimol bilan yarim finalga chiqish uchun Qatar bilan o‘yin o‘tkazadi.

Eslatib o‘tamiz, Osiyo kubogining nimchorak final bahslari 28 yanvar kuni o‘tkaziladi. 30 yanvar kuni o‘tadigan O‘zbekiston – Tailand uchrashuviga “Al-Janub” stadioni mezbonlik qiladi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA