Suv ta’minotiga doir loyihalar bo‘yicha hamkorlik qilinadi

239

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasiga davlat tashrifi ikki tomonlama manfaatli hamkorlik rishtalarining mustahkamlanishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Mamlakatimiz va Xitoy o‘rtasida ichimlik suvi ta’minoti hamda oqova suv xizmatlari sohasidagi hamkorlik ham rivojlanmoqda.  Jumladan, Xitoyda bo‘lib turgan “O‘zsuvta’minot”AJ delegatsiyasi hamda Xitoyning “Beijing Enterprises Water Group (BEWG)” kompaniyasi o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda ichimlik va oqova suv sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlik qilish imkoniyatlari muhokama qilindi va kompaniya faoliyati yuzasidan taqdimot o‘tkazildi.

“BEWG” kompaniyasi Xitoyning infratuzilma ob’ektlarini qurish va boshqarish bo‘yicha eng yirik kompaniyalaridan biri bo‘lib, 24,5 milliard dollar kapitalga ega va dunyoning 8 dan ortiq mamlakatida o‘z loyihalarini amalga oshirib kelmoqda. Kompaniya ichimlik va oqova suv tizimlarini boshqarishda o‘zining patentlangan innovatsion texnologiyalari hamda aqlli boshqarish (smart management) tizimlaridan foydalanadi.

Kompaniya vitse-prezidenti O‘zbekistonda davlat- xususiy sherikchilik asosida loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirdi va joriy yilning 1-yarim yilligida kompaniya vakillaridan iborat delegatsiyaning O‘zbekistonga tashrifini ma’lum qildi. Tashrif davomida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari yanada kengroq muhokama qilinadi.

Nilufar Bozorova,  

O‘zA muxbiri