Bojxona ishida kinologiyaning o‘rni katta. Zamonaviy texnologiyalar harchand taraqqiy etmasin, hid bilish bobida xizmat itlarining o‘rnini bosadigani yo‘q.

Davlatimiz sarhadlarida sergak bojxonachilarning to‘rt oyoqli sodiq yordamchilari giyohvandlik moddalari, portlovchi, valyuta, tamaki va kuchli ta’sir qiluvchi vositalarni qidirib topish yo‘nalishlarida samarali xizmat qilmoqda. Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasida ham o‘ndan ortiq xizmat itlari yordamida bojxona nazoratidan yashirilgan noqonuniy tovarlar harakatiga chek qo‘yilmoqda.

Paraxat Sharipov qariyb o‘n yildan buyon Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasida kichik inspektor-kinolog lavozimida o‘zining xizmat itlari bilan mamlakatimiz sarhadlarida kontrabanda mahsulotlari hamda noqonuniy tovar-moddiy boyliklarning mamlakatimiz hududiga kirib kelishining oldini olishda xizmat qilib kelmoqda.

Bugun u Nukus shahridan 450 km masofada joylashgan mamlakatimizning shimoliy darvozasi hisoblanuvchi “Dovud ota” chegara bojxona postiga o‘z xizmat vazifasini bajarish uchun yo‘l oldi.

Mamlakatimizni qo‘shni Qozog‘iston Respublikasi bilan bog‘lab turuvchi xalqaro maqomdagi mazkur chegara bojxona posti orqali bugungi kunda sutkasiga o‘rtacha 550-600 ta yengil va yuk avtotransport vositasi hamda 3500-4000 nafar fuqaroning kirish va chiqish yo‘nalishlarida harakati ta’minlangan.

Post orqali harakatlanayotgan har bir yo‘lovchi va avtotransport vositalari tomonidan ta’qiqlangan ashyolarning mamlakatimiz hududiga kirib kelishi va aylanmada bo‘lishining oldini olishda bojxona xodimlariga ularning to‘rt oyoqli safdosh do‘stlari yaqin ko‘makdoshdir.

Ta’kidlash joizki, boshqarmaning kichik inspektor-kinologlariga biriktirilgan xizmat itlari giyohvandlik vositalari va portlovchi moddalarni qidirib topish yo‘nalishida o‘rgatilgan. Shuningdek, qo‘shimcha ravishda 3 ta xizmat itiga “Valyuta qimmatliklarini qidirish”, 2 ta xizmat itiga “Kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari va psixotrop moddalarni qidirish” hamda 1 tasiga “Tamaki mahsulotlarini qidirish” yo‘nalishi o‘rgatilgan.

2023 yil davomida kichik inspekor-kinologlarga biriktirilgan xizmat itlari yordamida chegara va ichki hududda jami 39 ta holat aniqlangan. Paraxat Sharipovga biriktirilgan “Zabar” laqabli xizmat iti yordamida o‘tgan yilda 15,55 gr. geroin, 11,7 gr. opiy giyohvandlik vositalari aniqlangan.

Davlatimiz iqtisodiy xavfsizligi, yurt tinchligi yo‘lida bojxona xodimlariga xizmat itlarining mehnatlari inobatga olinib, 2023 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi tasarrufidagi bojxona postlarida o‘z faoliyatini olib borayotgan tajribali kichik inspektor-kinologlarga biriktirilgan xizmat itlaridan 3 tasi O‘zbekiston Respublikasi bojxona qo‘mitasi tomonidan  “Xizmat iti nishoni” bilan taqdirlandi. Mazkur nomzodlar orasida “Zabar” laqabli it ham bor.

Bu kabi rag‘batlantirishlar aslida ushbu xizmat itlari biriktirilgan kichik inspektor-kinologlarga berilgan bahodir. Qayd etish lozimki, bunday ko‘rsatkich va natijalar o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Buning negizida tinimsiz mashqlar, itni tushunish va o‘rgatish qobiliyati, unga beriladigan e’tibor va mehr ham bor.

Dovud Abibullayev,  

O‘zA muxbiri.