RCP&BIRD tanlov grant dasturlari e’lon qilindi

261

“RCP&BIRD” dasturlarining maqsadi biznes konsepsiyasini mavjud ilmiy-tadqiqot va ishlanmalar natijalarini tijoratlashtirishga yo‘naltirilgan loyihalarni hamda yuqori texnologiyali ishlanmalarni tijoratlashtirishni moliyalashtirish, texnologiyalarni litsenziyalash va startap kompaniyalarni tashkil etishdan iborat.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Jahon Banki “O‘zbekiston milliy innovatsion tizimini modernizatsiya qilish” (“MUNIS”) loyihasini amalga oshirish guruhi tomonidan innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Research Commercialization Program & Business Investments in Research & Development” (RCP&BIRD) tanlov grant dasturlarini e’lon qilindi. Ushbu dasturlarga ilmiy hamjamiyat va biznes soha vakillari, olim-tadqiqotchi, ixtirochi, innovator va startaperlarni faol jalb qilish, ular o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish, tijoratlashtirishga oid masalalarini muhokama qilish maqsadida, Toshkent shahrida tanlov shartlari va talablari, yo‘nalishlari, ariza topshirish va ekspertiza jarayonlari bo‘yicha batafsil ma’lumotlarni taqdim etishga qaratilgan amaliy seminar o‘tkazildi. Tadbir Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida onlayn va oflayn shakllarda tashkil etildi.

Seminarda xalqaro biznes-ekspetlar va Jahon Banki xalqaro maslahatchilari asosiy spiker sifatida o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etdi. Tadbir davomida ilmiy yutuqlarni tijoratlashtirish, ilmiy ishlanmalarga investitsiyalarni jalb etish dolzarbligi muhokama qilinib, RCP&BIRD dasturlari haqida umumiy ma’lumot berildi hamda arizalarni topshirish, ularni ko‘rib chiqish tartibi, grant shartlari va talablari kabi masalalar qamrab olindi.

Seminarda jami 200 nafardan ortiq tinglovchi oflayn hamda  300 nafardan ortiq ishtirokchi onlayn tarzda qatnashdi.

Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, MUNIS loyihasi uchta asosiy komponentdan iborat bo‘lib, ular tadqiqot va ishlanmalarning (R&D) ta’siri va iqtisodiy qiymatini oshirish, yangi yoki takomillashtirilgan mahsulotlar, texnologiyalar va jarayonlarni ishlab chiqish uchun korxona darajasidagi innovatsiyalarni rag‘batlantirish, shuningdek, Xalqaro ekspertlar kengashi (IEC) va texnologiyalar transferi markazi (CTT) kabi yangi institutlarni yaratishdan iborat.

Loyiha doirasida korxonalar darajasida innovatsiyalarni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash hamda bozorda talabga ega yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqaradigan, xizmatlar ko‘rsatadigan kompaniyalar, tadbirkorlar, innovatsion startaplarga grantlar ko‘rinishida moliyaviy ko‘mak berish ko‘zda tutilgan. Loyiha grant shartnomasi imzolangan sanadan boshlab, 24 oygacha bo‘lgan muddatda amalga oshiriladi.

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA