Turkmanistonning O‘zbekistondagi elchixonasida brifing tashkil etildi. 2023 yil yakunlari tahlil qilingan tadbir, shuningdek, 2024 yil ushbu davlatda buyuk shoir, mutafakkir, o‘zbek va turkman xalklari do‘stligi timsoli bo‘lgan Mahtumquliga bag‘ishlab “Mahtumquli Firog‘iyning aql xazinasi” deb e’lon kilinishi mavzusiga ham bag‘ishlandi.

Anjumanda Tashqi ishlar vazirligi, O‘zbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik korpus vakillari, ijodiy va ilmiy xodimlar, ziyolilar, talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Turkmanistonning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Shodurdi Meredov ishtirokchilarni ichki va tashqi siyosatning barcha yo‘nalishlarida muhim yutuqlar, ulkan muvaffaqiyatlarga boy kechgan 2023 yil – “Baxtli yoshlar Arqadag‘ Serdar bilan” yili yakunlari bilan tanishtirdi.

Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov tomonidan mamlakatning iqtisodiy qudratini, xalq farovonligini yanada oshirish, ijtimoiy-maishiy sharoitlarni yaxshilash, milliy manfaatlarni himoya qilish, shuningdek dunyo tinchligini mustahkamlashga qaratilgan oqilona siyosat olib borilayotgani qayd etildi.

Mamlakatda savdo-iqtisodiyot, neft-gaz, transport, aloqa va qishloq xo‘jaligi sohalarida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar Turkmaniston taraqqiyotiga salmoqli hissa qo‘shmoqda.

Elchi jahon miqyosida mavqei izchil mustahkamlanayotgan Turkmaniston tashabbusi bilan 2023 yil BMT Bosh Assambleyasi tomonidan bir ovozdan qo‘llab-quvvatlangan 4 ta rezolyutsiyani qayd etdi.

O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi faol hamkorlik jadallashayotgani ta’kidlandi. Ko‘p yillar davomida oliy darajada rivojlanib kelayotgan ochiq, konstruktiv va do‘stona siyosiy muloqot muvaffaqiyatlar omili ekaniga urg‘u berildi.

Darhaqiqat, ikki davlat rahbarlarining muntazam muloqoti chog‘ida Turkmaniston – O‘zbekiston strategik sherikligini yanada mustahkamlash bilan bog‘liq eng muhim masalalar ko‘rib chiqilmoqda.

2024 yil Turkmanistonda Maxtumquli tavalludining 300 yilligi keng nishonlanadi. Bu ulug‘ adibning satrlari teran falsafiy g‘oyaga yo‘g‘rilgani bilan ahamiyatlidir. Endilikda Mahtumqulining orzulari ro‘yobga chiqib, jahon xaritasida birdam, hamjihat, taraqqiy etgan Turkmaniston davlati paydo bo‘lgan. E’tiborli tomoni, keyingi yillarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabat yangicha rivojlanish bosqichiga chiqdi. Bu kabi adabiy anjumanlar do‘stligimizni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Yurtimizda ham Mahtumqulidek mutafakkir shoirlarning ijodini o‘rganish, asarlarini chop etish doimiy e’tiborda. To‘y-tadbirlarimizda Mahtumquli so‘zi bilan kuylanuvchi qo‘shiqlar doim baralla yangraydi. Poytaxtning ko‘rkam markaziy xiyobonlaridan biriga shoirning me’moriy yodgorligi o‘rnatilgani, shu fayzli ko‘chaga uning nomi berilgan hamjihatligimizning yorqin dalilidir. Do‘stlik rishtasi tobora mustahkamlanishida ijodiy aloqalar, betakror ma’rifiy loyihalarning o‘rni beqiyos.

Go‘zal Sattorova,

Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA