Qatar axborot agentligi – “QNA” O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasining ushbu davlatga tashrifi doirasida Bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshev va adliya vaziri Ibrohim bin Ali Al-Hasan Al-Muhannadiy o‘rtasidagi uchrashuvni yoritdi.

Maqolada mezbon idora yetakchisi delegatsiyamiz a’zolariga Qatar adliya tizimi haqida so‘zlab bergani, shuningdek Qonunchilik va sud-huquq tadqiqoti markazi rahbari Solih Ali Al-Fadala mehmonlarni tashkilot faoliyati bilan tanishtirgani bayon etilgan.

Muallif O‘zbekiston Huquqni muhofaza qilish akademiyasi va ushbu markaz o‘rtasida Memorandum imzolash masalasini muhokama qilganini ham ta’kidlangan.

Tashrif dasturiga ko‘ra tashkil etilgan o‘zbek delegatsiyasining Qatar Davlati ichki ishlar vaziri Shayx Abdulaziz bin Faysal Ol Soniy bilan uchrashuvida tomonlar jamoat xavfsizligini ta’minlash, fuqarolar huquqini himoya qilish, terrorizm, kiber va transmilliy uyushgan jinoyatchilik turlariga qarshi kurashish sohasida tajriba almashishgani e’tirof etilgan.

Muharrama Pirmatova, O‘zA