Poytaxtimizdagi “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida “Davlat xarajatlari va moliyaviy hisobdorlik (PEFA) mezonlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasida davlat moliyasini boshqarish samaradorligini baholash” mavzusida seminar o‘tkazildi.

Jahon banki vakillari va mustaqil ekspertlar tomonidan tashkil topgan guruhi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamkorligida tashkil etilgan  tadbirda mahalliy va xorijlik soha vakillari, mutaxassislar ishtirok etdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Ahadbek Haydarov, Jahon bankining boshqaruv va davlat sektori bo‘yicha katta mutaxassisi Kay-Aleksander Kayzer,  Jahon bankining shaharsozlik bo‘yicha katta mutaxassisi Rosanna Nitti  va boshqalar mamlakatimizda xalqaro moliya institutlari va xalqaro ekspertlar bilan hamkorlikda davlat moliyasini boshqarish tizimini isloh qilish, ayniqsa,  davlat mablag‘laridan unumli foydalanish va uning nazoratini jahon standartlari talablariga mos ravishda yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kompleks ishlar olib borilayotganiga e’tibor qaratdi. Ayniqsa, ushbu sohada O‘zbekiston va Jahon banki o‘rtasida mustahkam hamkorlik aloqalari o‘rnatilgani muhim ahamiyat kasb etadi.

Ta’kidlash kerakki, Jahon banki vakillari va mustaqil ekspertlarning mamlakatimiz moliya tizimini navbatdagi Davlat xarajatlari va moliyaviy hisobdorlik mezonlari asosida baholash yuzasidan texnik ko‘makni amalga oshirish missiyasi doirasida davlat moliyasini PEFA mezonlari asosida baholash bo‘yicha manfaatdor vazirlik va idoralar vakillari uchun ikki kunlik seminar va brifinglar o‘tkazilishi  ko‘zda tutilgan. Ushbu seminar ham delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi  doirasida tashkil etilgan tadbirlardan biridir.

O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi Davlat byudjeti siyosati departamenti direktori o‘rinbosari Shohrux Eshonqulovning so‘ziga ko‘ra, PEFA dasturi samaradorlikni o‘lchash uchun miqdoriy ko‘rsatkichlardan foydalangan holda davlat moliyasini boshqarishning kuchli va zaif tomonlarini baholovchi va tasvirlab beruvchi majmuadir. PEFA davlat mablag‘larini boshqarish faoliyatini 31 ta indikator asosida baholaydi. Shuningdek, bugungi kunga kelib dunyoning 150 mamlakatiga yaqin 600 dan ortiq PEFA asosida baholashlar o‘tkazilgan.

– Shundan kelib chiqib, tashkil qilingan ushbu seminar  davlat xarajatlari va moliyaviy hisobdorlik mezonlari asosida  O‘zbekistondagi davlat  moliyasini boshqarish tizimining samaradorligini  baholashga bag‘ishlandi. Davlat  xarajatlari va moliyaviy hisobdorlik mezonlari, ya’ni  PEFAning mazmun-mohiyatini  yetkazish va qanday  natija berishini, bizga nima uchun  baholash mezonlari zarurligi haqida ishtirokchilarga tushunchalar berildi. Tarixga nazar soladigan bo‘lsak,  O‘zbekiston hukumati PEFA asosida baholashlarni bir necha marotaba, jumladan, 2012 yilda va 2018-2019 yillarda mazkur uslubiyot asosida davlat moliyasini boshqarish tizimi samaradorligini baholashdan o‘tkazdi.

Mazkur baholash natijalaridan kelib chiqib, o‘tgan yillarda mamlakatning davlat mablag‘larini boshqarish tizimida qator islohotlar amalga oshirilgan. Baholashning asosiy natijalari O‘zbekiston barqaror va samarali amalga oshiriladigan davlat byudjetiga ega ekanini ko‘rsatdi. Shunga qaramay, davlat aktivlari va majburiyatlarini boshqarishni yaxshilash, o‘rta muddatli byudjetlashtirishni mustahkamlash, fiskal strategiyani ishlab chiqish, shuningdek, davlat mablag‘larini o‘zlashtirishning ochiqligini oshiruvchi ishlarni davom ettirish hamda byudjet hisobi va audit sohasida xalqaro standartlarga amal qilish zaruriyati mavjudligi aniqlangan. Ta’kidlash kerakki, PEFA  davlatning moliya sohasidagi  siyosatini emas, aksincha, u davlat moliyasini boshqarish tizimining holatini baholaydi. Foydali jihati shuki, PEFA biz kelgusida qanday islohotlarni amalga oshirishimiz kerakligini aniqlashda yordam beradi, – dedi Sh. Eshonqulov.

Tadbirda qayd etilganidek, mazkur
baholash natijalari mamlakat hukumatiga davlat mablag‘larini boshqarishning ancha samarali tizimini yaratish, davlat byudjetining ochiqligini va xalqaro donorlar hamda xorijiy kredit beruvchilar uchun mamlakatning jozibadorligini oshirishga ko‘maklashadi.

–Ushbu seminar biz uchun mahalliy
mutaxassislar bilan fikr almashish va ular bilan muloqot qilish imkoniyatini yaratdi, –dedi Jahon bankining boshqaruv va davlat sektori bo‘yicha katta mutaxassisi Kay-Aleksander Kayzer. – PEFA mezonlari  asosida baholashni amalga oshirish uchun  ko‘rsatkichlar  bo‘yicha ma’lumotlar jamlangan. Agar unda mavjud bo‘lmasa,  yaqin hamkorlarimiz  – Iqtisodiyot va moliya vazirligi  va boshqa vazirlik hamda idoralarga murojaat qilgan holda, ulardan ma’lumot  olinadi.

Chunki bu baholash tizimida ballarga asoslanilgan bo‘lsa, qaysidir ball
bo‘yicha  ma’lumot berilmasa, u ballni
baholash  necha ball ekanligini aniqlash imkoni bo‘lmaydi.  Shuning uchun ham baholashning eng muhim  manbai  – ma’lumotlar, deb urg‘u berilmoqda.

Bu ma’lumotlarning qanday bo‘lishi, qanday ekanligi haqida hech qanday
mavhumlik bo‘lmasligi uchun  bizning
internet veb-saytimiz bor.  Uning
sahifasida PEFA tizimi bo‘yicha to‘liq axborot taqdim etilgan.  Ommaga ochiq bo‘lgan sahifadagi  ma’lumotlarni ko‘rib chiqib,  oldindan har bir ball bo‘yicha  zarur talablar bo‘yicha ish olib borish va ballarni aniqlash  mumkin.

Seminar yakunida soha mutaxassislari
hamda tegishli vazirlik va idoralar vakillari tomonidan mazkur baholashdan o‘tkazish O‘zbekiston davlat moliyasini boshqarish tizimi samaradorligini yanada oshirish va takomillashtirish yo‘nalishlarini ko‘rsatib berishi nazarda tutilgan.

Baholash ishlari iyun oyida yakunlanishi rejalashtirilgan bo‘lib, mazkur baholash natijalaridan kelib chiqib Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda bir qator vazirlik va idoralar tomonidan “2025-2030 yillarda O‘zbekiston Respublikasi davlat moliyasini boshqarish tizimini takomillashtirish strategiyasi” loyihasini ishlab chiqish rejalashtirilgan.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA muxbiri