O‘zbekiston Respublikasi va Daniya Qirolligi o‘rtasida diplomatik munosabat o‘rnatilganiga 32 yil to‘ldi.

O‘zbekiston Daniyani Yevropadagi muhim hamkor deb biladi va ushbu davlat bilan ko‘p qirrali hamkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratadi.

Ikki mamlakat o‘rtasida iqtisodiyot, sog‘liqni saqlash, parlamentlararo aloqa, shuningdek, YeI va boshqa xalqaro tashkilotlar doirasida sheriklik faollashgan.

Daniya qirolligi poytaxti  Kopengagen shahri. Davlat tuzumi konstitutsiyali monarxiya, mamlakatning amaldagi konstitutsiyasi 1953 yil 5 iyunda qabul qilingan. Qonun chiqaruvchi hokimiyat faoliyatini qirolicha bilan folketing (bir palatali parlament) amalga oshiradi. Folketing 179 deputatdan iborat. Noiblar umumiy to‘g‘ri va yashirin ovoz berish yo‘li bilan 4 yil muddatga saylanadi. Ijro hokimiyatini qirol (qirolicha) boshqaradi. U bosh vazir va hukumat a’zolarini tayinlaydi yoki lavozimidan ozod etadi.

Daniya yuksak darajada rivojlangan industrial-agrar mamlakat bo‘lib, boshqa davlatlar bilan faol iqtisodiy aloqa bog‘lagan. Xususiy sarmoya usuvorlik qiladi. Yalpi milliy mahsulotning 30 foizi davlat sektoriga to‘g‘ri keladi. YAIMda sanoat va qurilishning ulushi 26,4 foiz, qishloq, o‘rmon xo‘jaligi va baliqchilik ulushi 3,5 foiz. Ishlab chiqariladigan tovarning 40 foizidan ko‘prog‘i chetga sotiladi.

Neft, tabiiy gaz, kaolin qazib chiqarish, mashinasozlik, kemasozlik, kimyo, oziq-ovqat sanoati, neftdan turli mahsulotlar ishlab chiqarish rivojlangan. Kishloq xo‘jaligi Daniya iqtisodiyotining eng mahsuldor tarmog‘i hisoblanadi. Mamlakatda 80 mingga yaqin fermer xo‘jaligi bor.

Daniya maorif tizimining ilk bo‘g‘ini bolalar bog‘chasi, 6 yoshdan 9 yillik majburiy ta’lim joriy etilgan. O‘qish muddati boshlang‘ich maktabda 7 yil, kichik o‘rta maktab va yuqori o‘rta maktab (gimnaziya)da 3 yildan, hunar-texnika bilim maktabida 1-3 yil. Oliy o‘quv yurtiga gimnaziya attestati asosida tanlov yo‘li bilan qabul qilinadi.

Mamlakatda 1742 yil Kopengagenda tashkil etilgan Qirollik fanlar akademiyasi, 1754 yilda asos solingan Nafis san’at akademiyasi, 1937 yil Lingbi shahrida ochilgan Texnika fanlari akademiyasi kabi ilmiy maskanlar, 20 dan ziyod ilmiy-tekshirish muassasas mavjud.

Kopengagendagi Qirollik va Munitsipal, Orxusdagi davlat va universitet kutubxonalari, Milliy Qirollik nafis san’at muzeyi, Qirollik dengiz muzeyi, Odensedagi Xans Kristian Andersen uy-muzeyi sayohatchilarni jalb qiladigan manzillar sanaladi.

Daniya OAV tarixi mazmunli yo‘lni bosib o‘tgan. Ilk bor 1772 yil 3 yanvardan Odense shahrida “Fyun byulleteni” (Fyens Stiftstidende) kundalik gazetasi chop etila boshlangan. Mamlakat va dunyo yangiliklariga ixtisoslashgan, 1884 yilda tashkil etilgan “Siyosat” (Politiken) kundalik gazetasi adadi ko‘pligi bilan ajralib turadi. “Favqulodda gazeta” (Ekstra Bladet) ijtimoiy-siyosiy nashri 1904 yildan beri faoliyat ko‘rsatadi. “Suratli haftanoma” (Billed bladet) jurnali, “Axborot” (Information) kundalik gazetasi, “Yangi siyosat” (New politic) oylik jurnali va boshqa ko‘plab zamonaviy, shuningdek elektron nashrlar mamlakat aholisini dolzarb voqealar, sport va madaniyat yangiliklaridan boxabar qilib boradi.

Daniya radio va televideniyesi rasman mustaqil hisoblansa-da, amalda yarim davlat tashkilotidir. Mamlakatdagi barcha eshittirish va ko‘rsatuvlarni davlat nazorat qiladi.

Daniya axborot agentligi “Ritsau byuro” (Ritzaus Bureau)ga 1866 yil 1 fevralda mashhur jurnalist Erik Ritsau asos solgan. U shimol yangiliklari, ingliz tilidagi xabarlar xizmatini taqdim etish uchun Skandinaviya axborot agentliklari bilan hamkorlik qiladi.

1904 yil Erik Ritsau vafot etgach, uning o‘g‘li Laurits Ritsau 1916-1958 yillar davomida agentlik bosh direktori bo‘lib ishlagan.

“Ritsau byuro” axborot agentligi 1939 yilda tashkil etilgan va “39- guruh” deb nomlangan G‘arbiy Yevropa davlat va mustaqil axborot agentliklari tashabbusi a’zosi sanaladi.

2017 yil noyabrda agentlik “Scanpix” kompaniyasini sotib oldi. Ushbu korxona Daniyadagi yetakchi fotosurat agentligi bo‘lib, raqamli va hujjatli arxivida 25 milliondan ziyod surat mavjud. Muassasa Norvegiya, Shvetsiya va Estoniyadagi turdosh tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik qiladi.

“Ritsau byuro” axborot agentligi bugungi kunda 12 ta yirik media guruhni birlashtirgan.

Muharrama Pirmatova, O‘zA