Germaniya kansleri yaqin orada Germaniya va Ukraina o‘rtasida xavfsizlik bo‘yicha kelishuv tuzilishi mumkinligini aytdi.

“Dautche Welle” yozishicha, Olaf Shols Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan telefon orqali suhbatlashgan. Ular xavfsizlik bo‘yicha hamkorlik kelishuvini imzolash masalasini muhokama qilgan. Bu haqda Shols kecha Berlinda Slovakiya Bosh vaziri Robert Fitso bilan birga uyushtirilgan qo‘shma matbuot anjumanida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozir yaqin kelajakda tuzilishi mumkin bo‘lgan mazkur kelishuv tayyorlanmoqda. Masala qaysi sana yoki muddatda muhokama qilinishiga aniqlik kiritilmagan. Binobarin, “muzokaral yakuniy bosqichga yetib qolgan”, dedi Shols.

O‘z navbatida Vladimir Zelenskiy ham ijtimoiy tarmoq orqali “Ukraina  va Germaniya o‘rtasida xavfsizlik kafolati bo‘yicha kelishuv tayyorlash masalasi alohida muhokama qiligganini” aytgan. Prezident, shuningdek, Ukrainaga joriy yilgi mudofaa yordami 8 milliard yevroga oshirilgani uchun Olaf Sholsga minnatdorlik bildirgan.

Ko‘rib chiqilayotgan kelishuv Ukrainaga Rossiya bilan urush tugagandan keyingi xavfsizlik bo‘yicha kafolat beradi, deya mavzga aniqlik kiritdi “Reuters”. Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, Berlindagi hukumat doiralari ushbu reja fevral oyida aniq amalga oshishini ta’kidlamoqda. Avvalroq, ya’ni 12 yanvar kuni Kiyev va London xavfsizlik kafolati bo‘yicha kelishuv imzolagani ma’lum bo‘lgan edi. Buyuk Britaniya yangi hujum sodir bo‘lgan taqdirda Ukrainaga tez va doimiy ko‘mak berishni nazarda tutuvchi shartnoma imzolagan birinchi davlat bo‘ldi. Bitim Ukraina NATOga kirgunga qadar kuchda qoladi.

Fransiya ham Ukraina bilan xavfsizlik shartnomasi tuzishga va’da bergan. Zero, Vilnyusda bo‘lib o‘tgan “Katta yettilik” sammitida Ukrainaga xavfsizlik bo‘yicha uzoq muddatli majburiyatlar va’da qilingan. Bu bitimlar o‘sha va’daning bajarilishi, deyish mumkin.

K.Bekjonov, O‘zA