Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) huzuridagi Insonning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi bo‘yicha komissiya a’zolarining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) Feruza Eshmatova murojaatlar bilan ishlash tizimi to‘liq raqamlashtirilganini qayd etdi.

Bu davlatimiz rahbarining 2023 yil 25 maydagi “Raqamli xizmatlar qamrovi va sifatini oshirish hamda soha, tarmoq va hududlarni raqamli transformatsiya qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq amalga oshirildi.

Hozirda murojaatchilarga yana qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish maqsadida Ombudsmanning mobil ilovasi ustida ishlanmoqda. Unda fuqarolarga onlayn maslahat berish, murojaatning ijro holatini onlayn ravishda monitoring qilib borish, mobil ilova orqali murojaat ijrosi yuzasidan tegishli tashkilotlardan yuborilgan javob xatlari, statistik ma’lumotlar bilan tanishish, so‘rovnomalar o‘tkazish kabi xizmatlar joriy etilishi ko‘zda tutilgan.

2023 yilda Ombudsmanga O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy davlatlar fuqarolari va ombudsmanlari, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan kelib tushgan murojaatlar 18 ming 622 tani tashkil etgan.

Murojaatlarning 15 ming 934 tasi fuqarolardan, 2 ming 662 tasi mahkum va mahbuslar hamda ularning yaqinlaridan, 26 tasi chet el fuqarolari va xorijiy davlatlar ombudsmanlaridan kelib tushgan.

Ombudsman tomonidan davlat organlari va tashkilotlari va sudlarga fuqarolarning buzilgan huquqlarini tiklash yuzasidan 170 ta’sir chorasi shaklidagi hujjatlar, jumladan, 35 taqdimnoma, 37 xulosa va 98 ariza va da’vo arizalar kiritilgan. Bu ko‘rsatkich 2022 yilga nisbatan 28 foiz, 2021 yilga nisbatan 81 foizga ko‘pdir.

Murojaatlarni ko‘rib chiqish va ta’sir choralarini qo‘llash natijasida fuqarolar hamda mahkum (mahbus) va ularning yaqinlari manfaatida jami 2 milliard 130 million so‘m undirilgan. Shundan, 1,1 milliard so‘m ish haqi va mehnat munosabatlariga to‘g‘ri kelgan.

Shuningdek, 38 nafar fuqaro ishga tiklangan, 23 nafar fuqaro ish bilan ta’minlangan, Ombudsman murojaatiga asosan Davlat mehnat inspeksiyalari tomonidan sudlarga 11 da’vo arizasi kiritilgan.

Ombudsman komissiya a’zolarini murojaatlar bilan ishlash, qiynoqlarning oldini olish, monitoring va huquqiy tahlil, xalqaro hamkorlik, huquqiy targ‘ibot va ommaviy axborot vositalari bilan ishlash yo‘nalishidagi faoliyati bilan tanishtirdi.

Ombudsman huzurida tuzilgan ilmiy-maslahat kengashi a’zolari va ommaviy axborot vositalari vakillari ham ishtirok etgan majlisda kun tartibiga qo‘yilgan barcha masalalar yuzasidan aniq takliflar bildirildi va komissiyaning tegishli qarori qabul qilindi.

N.Abduraimova, D.Ernazarov (surat), O‘zA