AOKAda “O‘zarxiv” agentligi tomonidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Unda ta’kidlanishicha, O‘zbekiston Respublikasida arxiv ishini rivojlantirishning 2023 yilga mo‘ljallangan rejasi 18 ta ko‘rsatkich bo‘yicha bajarilib, shundan 17 ta ko‘rsatkich bo‘yicha oshirib bajarilgan.

“Davlat arxivlarida raqamlashtirilayotgan hujjatlarni yagona saqlovini ta’minlash hamda ulardan foydalanish” axborot tizimida jami 48 ming 486 ta fond, 50 ming 709 ta ro‘yxat, 704 ming 796 saqlov birligi va 358 ming 269 hujjat bazasi yaratilgan. Tadqiqotchilar va boshqa foydalanuvchilar hozirda ushbu tizimdagi ma’lumotlar bilan doc.archive.uz orqali tanishish imkoniyatiga ega.

Rivojlangan davlatlar tajribasi o‘rganilgan holda “Idoraviy elektron arxiv” axborot tizimi ishlab chiqilib, 2023 yilning 15 dekabrida amaliyotga joriy etildi. 2024 yilda ushbu axborot tizimi Davlat arxivlari manbai hisoblangan 8 mingga yaqin davlat idoralari va tashkilotlarida joriy etilishi va unga 100 mingdan ziyod foydalanuvchi ulanishi rejalashtirilmoqda.

Shu bilan birga, Prezidentning 2023 yil 24 maydagi tegishli qarori ijrosini ta’minlash maqsadida hozirda bir nechta axborot tizimini ishlab chiqish va joriy etish bo‘yicha ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, arxiv ishi bo‘yicha davlat nazoratini onlayn ro‘yxatga olishni tashkil etish maqsadida “Davlat nazorati” axborot tizimi nazorat.archive.uz ishlab chiqilib, test-sinov tariqasida joriy qilindi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan davlat arxivlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni jamlaydigan “O‘zbekiston arxivlari” portali portal.archive.uz joriy etildi.

2023 yil mobaynida AQSH, Polsha, Germaniya, Chexiya, Shvetsiya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Rossiya Federatsiyasi, Qirg‘iziston, Qozog‘iston kabi xorijiy mamlakatlardan jami 64 ta xorijiy foydalanuvchilar davlat arxivlari o‘quv zallariga tashrif buyurgan. Shulardan 43 tasiga arxiv materiallaridan o‘rnatilgan tartibda foydalanishga 1 yilga amal qiluvchi ruxsatnoma berilgan bo‘lib, 36711 saqlov birligidagi hujjatlar tadqiqotchilarga foydalanish uchun taqdim etilgan.

2023 yil 19-22 sentyabr kunlari Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligiga a’zo davlatlarning arxiv xizmatlari rahbarlari Maslahat kengashining 19-yig‘ilishi hamda uning doirasida “Elektron hujjatlarni saqlash: texnologiyalar va usullar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi. 2023 yil 21 sentyabrda Samarqand shahrida “O‘zarxiv” agentligi va Tojikiston Respublikasi Hukumati huzuridagi Arxiv bosh boshqarmasi o‘rtasida arxiv ishi va ish yuritish sohasida Anglashuv memorandumi imzolandi.

2023 yil 6 dekabrda Qozog‘iston Respublikasining Ostona shahrida Qozog‘iston Respublikasi Madaniyat va axborot vazirligining Arxivlar, hujjatlashtirish va kitob ishi qo‘mitasi hamda “O‘zarxiv” agentligi o‘rtasida madaniy-gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish to‘g‘risidagi kelishuvlarning bajarilishini ta’minlash bo‘yicha 2023-2026 yillar uchun amaliy harakatlar rejasi imzolandi. Hozirda ushbu reja asosida qo‘shma nashr ustida ish olib borilmoqda va Qozog‘istonda O‘zbekistondagi arxiv hujjatlari ko‘rgazmasi o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, xalqaro hamkorlik bo‘yicha yana bir loyiha – O‘zbekiston va Ozarbayjonning hamkorligiga oid arxiv hujjatlaridan iborat to‘plam tayyorlanmoqda. 2024 yilda nashrdan chiqarish hamda uning taqdimotini o‘tkazilish rejalashtirilgan.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA