Xizmat safaridagi uchrashuv

270

Shu kunlarda tadbirkor ayollar va davlat organlari vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi a’zolari Londonda xizmat safarida bo‘lib turibdi.

Xotin-qizlar jamiyati o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish va uni yuritishning ilg‘or tajribalarini o‘rganish maqsadida tashkil etilgan tashrifning birinchi kunida O‘zbekiston tadbirkor ayollari, nodavlat notijorat tashkilotlari va Yevropa Tiklanish va Taraqqiyot Banki – YeTTB hamkorlari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Ishtirokchilar biznesni rivojlantirishning eng istiqbolli yo‘nalishlari, shuningdek, YeTTB ning biznesni boshlash va uni samarali yuritish bo‘yicha maqsadli dasturlari bilan tanishdilar. Xususan, Ayollar tadbirkorligini rivojlantirishning ijobiy tendensiyalari YeTTB dasturlarida ishtirok etuvchi 23 davlat, shu jumladan Misr, Iordaniya, Tunis va boshqa davlatlar tajribasida ko‘rsatildi.

Biznes-ombudsman devoni ma’lumotiga ko‘ra, YeTTB dasturi amalga oshirilgan 3 yil davomida ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash uchun 380 million dollardan ortiq mablag‘ jalb qilindi, 3 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi, YeTTB dasturlari doirasida yaratilgan startaplarning o‘rtacha aylanmasi 20 barobar oshdi.

YeTTB ko‘magida O‘zbekistonda ayollar tadbirkorligini yuritish uchun sharoitlar ham yaxshilandi. 2020-2022-yillarda O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznes sub’ektlari tomonidan 4000 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratildi, mehnat unumdorligi 45 foizga ko‘tarildi, korxonalarning 27 foizi tashqi iqtisodiy faolligini oshirdi.

Gulnoza Boboyeva,O‘zA