Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesida O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasining tashkiliy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda tegishli vazirlik va idoralar, huquq tartibot organlari rahbarlari, tuman va shahar hokimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi.

Kun tartibidagi masala yuzasidan so‘zga chiqqanlar, mahalla institutining jamiyatdagi rolini tubdan oshirish, uning aholi muammolarini hal etishda birinchi bo‘g‘in sifatida  ishlashini ta’minlash, mahallalarda boshqaruv tizimini takomillashtirishga qaratilayotgan chora-tadbirlarga to‘xtalib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, so‘nggi yillarda milliy o‘zligimiz timsoli, betakror qadriyat va an’analarimiz beshigi bo‘lgan mahalla institutining jamiyat hayotidagi o‘rni va obro‘sini, vakolatlarini oshirish, moddiy texnik bazasi va kadrlar salohiyatini mustahkamlash bo‘yicha katta ishlar amalga oshirildi. Tizimni takomillashtirishga qaratilgan yuzga yaqin huquqiy normativ hujjat qabul etilgani, barcha soha va yo‘nalishlar bo‘yicha mahalla kesimida ishlash usuli keng joriy etilib, mahalla raisi, hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin-qizlar faoli, profilaktika inspektori, ijtimoiy xodim va soliq inspektoridan iborat ta’sirchan tizim faoliyati yo‘lga qo‘yilgani samarali natija berayotganini alohida ta’kidlandi.

Bugungi kunda hamma ish mahallada xalqimiz bilan birgalikda tashkil etilmoqda. Bu tizim bosqichma-bosqich rivojlantirilib, unga qo‘shimcha kuch va imkoniyatlar berilayotgani bejiz emas. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, mahalla tinch bo‘lsa – yurtimiz tinch, mahalla obod bo‘lsa – butun mamlakatimiz obod bo‘ladi.

Tashkiliy yig‘ilishda Sag‘indiq Turganbayevich Turmanov – O‘zbekiston mahallalari uyushmasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi boshlig‘i lavozimiga tayinlandi.

Dovud Abibullayev,  

O‘zA muxbiri.