Yuk va yo‘lovchilarni tashishda avtotransport vositalariga yo‘l varaqalarini elektron shaklda rasmiylashtirish tizimi tajriba-sinov tariqasida amalga oshiriladi

312

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Yuk va yo‘lovchilarni tashishda avtotransport vositalariga yo‘l varaqalarini elektron shaklda rasmiylashtirish va yuritish tizimini joriy etish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, 2024 yil 1 apreldan 2024 yil 1 oktyabrga qadar yuk va yo‘lovchilarni tashishda avtotransport vositalariga yo‘l varaqalarini elektron shaklda rasmiylashtirish va yuritish tizimini joriy etish bo‘yicha tajriba-sinov loyihasi amalga oshiriladi.

Tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish davrida:

elektron yo‘l varaqalari O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligining “Uztrans” yagona interaktiv axborot tizimining “Elektron yo‘l varaqa” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali rasmiylashtiriladi va yuritiladi;

elektron yo‘l varaqalari tashkiliy-huquqiy shakli va mansubligidan qat’i nazar, avtomobil transportida yuk va yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar tomonidan mustaqil ravishda rasmiylashtiriladi;

yo‘l varaqalarining qog‘oz shaklidan foydalanishni cheklamagan holda uning elektron ko‘rinishiga bosqichma-bosqich o‘tish ta’minlanadi;

elektron yo‘l varaqalari tizimi shaxsiy yengil avtomobilida yo‘nalishsiz taksi sifatida yo‘lovchilarni tashish bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslar uchun amal qilmaydi;

elektron yo‘l varaqalari tizimi platformasini yaratish, joriy etish va unga xizmat ko‘rsatish uchun O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi tomonidan ishlab chiqiladigan texnik talablar asosida manfaatdor tashkilotlar tanlov asosida jalb etilishi mumkin;

elektron yo‘l varaqalari tizimidan foydalanganlik uchun yig‘im undirilmaydi.

Qaror bilan yuk va yo‘lovchilarni tashishda avtotransport vositalariga yo‘l varaqalarini elektron shaklda rasmiylashtirish va yuritish tartibi to‘g‘risidagi vaqtinchalik nizom ham tasdiqlandi.

Nizomda:

elektron yo‘l varaqalariga qo‘yiladigan talablar va ularning turlari;

elektron yo‘l varaqalarini rasmiylashtirish, qayta ishlash va saqlash;

elektron yo‘l varaqalari yuritilishini nazorat qilish hamda ular haqidagi ma’lumotlardan foydalanish tartibi belgilab berilgan.

Qarorda O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi 2024 yil yakuniga qadar mazkur qarorga asosan amalga oshiriladigan tajriba-sinov loyihasi natijalaridan kelib chiqib, ijobiy va salbiy holatlarini inobatga olgan holda elektron yo‘l varaqalari tizimini takomillashtirish va yo‘l varaqalarining qog‘oz shaklidan to‘liq voz kechish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritishi nazarda tutilgan.

 

O‘zA