Mamlakatimiz sportchilari uchun Fransiya poytaxti Parijda o‘tadigan yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga yo‘llanmalarni taqdim etadigan saralash musobaqalarida munosib ishtirok etish ustuvor vazifalardan biri sanaladi.

Hozirgacha yurtimiz sportchilari 17 ta Olimpiya va 34 ta Paralimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, bir qator sport turlarida reyting ocholari uchun qizg‘in bahslar boshlanishi arafasida turibdi.

Ertaga, 26 yanvar kuni Misrning Qohira shahrida o‘q otish sporti bo‘yicha boshlanadigan jahon kubogining birinchi bosqich musobaqalari ham “Parij-2024” yo‘lidagi muhim bellashuvlardan biri sanaladi.

“Parij-2024” Olimpiadasi uchun reyting ochkolarni taqdim etadigan mazkur musobaqada ishtirok etadigan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari ayni kunlarda Misrda mas’uliyatli musobaqaga tayyorgarlikning so‘nggi bosqich mashg‘ulotlarida ishtirok etmoqda.

Jahon kubogi bahslarida Vatanimiz sharafini 10 metrdan pnevmatik to‘pponchadan otish dasturida Vladimir Svechnikov va Muhammad Kamalov, 10 metrdan pnevmatik miltiqdan otish dasturida Javohir Sohibov va Muxtasar Tohirova himoya qiladi.

Jahon kubogi musobaqalari 31 yanvarga qadar davom etadi.

 

T. Ro‘ziyev, O‘zA