O‘zbekiston va Qatar: 2024-2026 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar rejasi imzolandi

Shu kunlarda huquqni muhofaza qiluvchi organlar, shuningdek, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbariyati va mas’ul xodimlaridan iborat O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi Qatar davlatida bo‘lib turibdi.
Tashrif dasturiga muvofiq, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burhonov Qatar davlatining Ma’muriy nazorat va shaffoflik idorasi prezidenti Xamad ben Naser Al Misned bilan uchrashdi.
Uchrashuv mobaynida o‘zaro hamkorlik memorandumi doirasida 2024-2026 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar rejasi imzolandi.
Reja tomonlar o‘rtasida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash, davlat idoralari faoliyati ochiqligini ta’minlash hamda BMT aksilkorrupsiya standartlarini milliy amaliyotga tatbiq etishda muntazam va yaqindan tajriba almashish kabi masalalarni o‘z ichiga oladi.

Jumladan, Harakatlar rejasida korrupsiyaga qarshi kurashishni tartibga soluvchi qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish, davlat xizmatida korrupsiyaviy xavf-xatarlarni baholash va faoliyat ochiqligini ta’minlash bo‘yicha tajriba almashish, sport sohasida halollik va shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha o‘zaro hamkorlik qilish, e-antikor platformasini takomillashtirishda Qatar davlati tajribasini o‘rganish kabilar asosiy yo‘nalishlari sifatida belgilangan.
Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, muloqot yakunida muhokama qilingan hamkorlik yo‘nalishlarida ishlarni jadallashtirishga kelishib olindi.
N.Abduraimova, O‘zA