Pedagogik mahorat va ta’lim texnologiyalari bo‘yicha o‘quv-uslubiy qo‘llanma ishlab chiqildi

424

Hozirgi kunda ta’lim jarayonida interfaol metodlar, innovatsion texnologiyalar va resurslarni qo‘llashga bo‘lgan e’tibor kundan-kunga kuchayib bormoqda.

Shu vaqtgacha an’anaviy ta’limda o‘quvchilar faqat tayyor bilimlarni egallashga o‘rgatilgan bo‘lsa, zamonaviy texnologiyalar ularni egallayotgan bilimlarini o‘zlari qidirib topish, mustaqil o‘rganish va xulosa qilishga o‘rgatadi.

Bu jarayonda o‘qituvchi shaxsning rivojlanishi va bilim olishiga sharoit yaratadi. Shu bilan bir qatorda, ushbu texnologiya va resurslardan foydalanishda yo‘naltiruvchi vazifasini bajaradi.

Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi fizika, kimyo, biologiya fanlarini chuqur o‘rganishga mo‘ljallangan didaktik materiallar va multimedia mahsulotlarining yangi avlodlarini tayyorlash maqsadida Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Innovatsiya, texnologiya va strategiya markazi (ITSM) bilan hamkorlikda bir qator loyihalarni amalga oshirmoqda.

Xususan, ITSM bilan birgalikda Pedagogik mahorat va ta’lim texnologiyalari (PhET, Nearpod, Kahoot) bo‘yicha o‘zbek va rus tillarida o‘quv-uslubiy qo‘llanma ishlab chiqildi.

Ushbu qo‘llanmada PhET, Nearpod va Kahoot o‘quv platformalari yordamida ta’lim jarayonini samarali tashkil etish, platformalarda shaxsiy akkaunt yaratishdan boshlab, uning barcha funksiyalari haqida batafsil ma’lumotlar berilgan.

Shuningdek, platformalar yordamida interfaol topshiriqlar, dars rejalari, mustaqil vazifalar, testlar, viktorinalar, dars taqdimotlari, tanlangan mavzular bo‘yicha video kontentlar, tarqatma materiallar yaratish yoki tayyor o‘quv resurslaridan dars jarayonida foydalanish mumkin.

Yaratilgan har bir topshiriq o‘quvchilarga tadqiqotlarda interfaol tarzda ishtirok etish, o‘z fikrlarini ayta olish va uni boshqalar bilan muhokama qilish, muammoli savollarga javob topish imkonini beradi va ularning tadqiqiy fikrlash ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan.

O‘zA