Buxoroda dzyudo bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida O‘zbekiston kubogi o‘tkazilmoqda. 26 yanvarga qadar davom etadigan mazkur musobaqada Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahrining sara dzyudochilari kurashmoqda.

Musobaqaning birinchi kunida -50 kg vazn toifasida Artur Ibadullayev (Xorazm), Azamat Yormamatov (Navoiy), Xushnud Burxonov (Samarqand) va Aydos Azadov (Xorazm) shohsupaga ko‘tarildi. Vazni -55 kilogrammgacha bo‘lgan o‘smirlar o‘rtasida Muhammadkarim Nosirov (Toshkent), Olimjon Ne’matullayev (Toshkent vil.), Dilshod Karimov (Buxoro) hamda Eldor Sharipov (Samarqand) g‘olib va sovrindorlar qatoridan joy oldi.

Qizlar o‘rtasidagi -40 kg vazn toifasida Dinora Hasanova (Jizzax) oltin, Mubina Valijonova (Andijon) kumush medalni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Diyora Saidqulova (Sirdaryo) va Adiba Kenjayeva (Samarqand) bronza medalga sazovor bo‘ldi. Shuningdek -44 kg vazn toifasida Dilnoza Hamitova (Buxoro) birinchi o‘rinni egalladi. Finalga qadar yetib borgan Umida Qo‘ldosheva (Navoiy) ikkinchi, Diyana Azambekova (Namangan) hamda Dilruh Hasanova (Jizzax) uchinchi bo‘ldi.

O‘zbekiston kubogi davom etmoqda.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA