Otashnafas shoir

393

Yozuvchilar uyushmasida O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azimning ko‘p jildli “Tanlangan asarlar”i taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Uyushmaning anjumanlar zaliga shoir ijodining muxlislari sig‘madi, desak yanglishmaymiz.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid atoqli shoir Usmon Azimning ijod yo‘li xususida batafsil so‘z yuritdi.

– Bizning buyuk adabiyotimiz bor, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, xalq shoiri Sirojiddin Sayyid. – Uning buyukligiga, rivojiga hissa qo‘shish uchun barchamiz mas’ulmiz. Usmon Azim she’riyat, adabiyot, xalq uchun, elining haqi-hurmati hech qachon so‘zga, adabiyotga xiyonat qilmagan ijodkor. U o‘zbek she’riyatining katta cho‘qqilaridan biri, yirik namoyandalaridan biridir. Usmon Azim maqtovga, uning asarlari targ‘ibotga muhtoj emas. Ayni paytda bu tadbirimizni adabiy diydorlashuv, desak ham bo‘ladi. Usmon aka she’riyatga ilk baxshiyona ohanglarni olib kirgan shoir.

– Usmon Azim – adabiyotimizdagi alohida estetik hodisa, – dedi adabiyotshunos olim Qozoqboy Yo‘ldoshev. – Uning ijodi o‘zbek she’riyati, dramaturgiyasi, adabiyotshunosligi, prozasini o‘zida namoyon eta olgan. U nainki bugungi kun uchun, balki ertangi kun uchun ham yaroqli asarlar yaratayotgan ijodkordir. Shoir she’rlaridagi topilmalarning hech qaysi ijodkorda uchramasligi diqqatga sazovordir. Uning she’rlari tashbehlarga juda boy. Ijodkor dunyoni boshqalar ilg‘amaydigan nigoh bilan ko‘radi. Usmon Azim bu dunyoning tashvishlaridan yuz burmay, o‘z fikrini dadil, ochiq aytadigan ijodkordir.

– Kitobxon shoirni birgina she’ridan tanishni, yaxshi ko‘rishni boshlaydi, – dedi O‘zbekiston xalq rassomi Alisher Mirzo. – Bugungi tasviriy san’atning ham, adabiyotning ham kamchiligi shundaki, ijodkor borliqni qanday bo‘lsa shundayligicha asarga ko‘chiradi. Usmon Azim she’riyatida esa obrazlilik kuchli. U qanday inson bo‘lsa, she’riyati ham shunday. Ya’ni Usmon Azim – keng ko‘lamli, barakali ijodkor. Shunday ustoz shoirlardan ilhom olgan holda bugun o‘zbek she’riyati ham kuchga to‘lib bormoqda.

– Navoiyni anglashga intilmaganimda, ehtimolki , Usmon Azim she’riyatini ham tushunmagan bo‘lardim, – dedi adabiyotshunos olima Karomat Mullaxo‘jayeva. – Usmon aka adabiyotning barcha janrlarida yayrab ijod qiladi. Bu uning mumtoz adabiyot, dunyo adabiyotini mukammal bilishidan darak beradi.

Darhaqiqat, adabiy kechada qayd etilganidek, Usmon Azim kurashchan, o‘z so‘zi, o‘z ovoziga ega bo‘lgan ijodkor, jasoratli satrlar sohibidir.

Adabiyotshunos olim Nurboy Jabborovning fikricha, Usmon Azim haqiqatni hayot, ijod konsepsiyasiga aylantirgan ijodkordir. Uning she’riyati tafakkurni charxlaydi, badiiy idrokni kamolotga undaydi.

Taqdimoti o‘tkazilgan to‘plamning 1-2-jildlari allaqachon o‘z muxlislariga egadir. Uning 3-jildida shoirning 2001 yildagi “Kuz” va 2010 yilda nashr etilgan “Fonus”, 4-jildida “Yurak” va “Jimlik”, 5-jildida “Kollaj” va “Ko‘ngil”, 6-jildida “Bir parcha osmon” nomli to‘plamlaridan olingan eng sara she’rlari jam bo‘lgan. Ijodkorning ko‘p she’rlarida voqeani butun mukammalligi bilan idrok etishi, voqea dramasini ko‘ra olishga guvoh bo‘lasiz. She’rlarining mazmun-mohiyati o‘quvchini hayot, borliq, jamiki mavjudliklar haqida mushohada etishga undaydi. Kitobning 7-jildida Usmon Azimning “Saltanat”, “G‘oz”, “Sohibqiron va usta”, “Qiyomat”, “Samarqand”, “Sevgi” va sara hikoyalari jamlangan.

Ushbu ko‘p jildli “Tanlangan asarlar” G‘afur G‘ulom nomli nashriyotda chop etilgan. Tadbirda shoirning ijod yo‘li, asarlari haqida atroflicha so‘z yuritildi.

Usmon Azimning ilk she’riy kitobi 1979 yilda “Insonni tushunish” nomi bilan nashr etilgan. U 2000 yilda “O‘zbekiston xalq shoiri” unvoniga, shuningdek, eng yaxshi she’riy asarlari nominatsiyasi bo‘yicha “Ofarin” mukofoti, Gruziyaning V.Mayakovskiy nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo‘lgan.

Shoirning “Holat” (1979), “Oqibat” (1980), “Ko‘zgu” (1983), “Surat parchalari” (1985), “Dars”(1985), “Ikkinchi aprel” (1987), “Baxshiyona” (1989), “G‘aroyib ajdarho” (1990), “Uyg‘onish azobi” (1991), “G‘ussa” (1994), “Uzun tun” (1994), “Bor ekanda, yo‘q ekan” (1995) she’riy va “Jodu” (2003) nasriy to‘plamlari chop etilgan. Shoir 1995 yilda “Saylanma” she’riy kitobini nashr ettirdi.

Usmon Azimning “Kunduzsiz kechalar” (1998), “Alpomishning qaytishi” (2000), “Bir qadam yo‘l” (2002), “O‘tgan zamon hangomalari” (2003), “Adibning umri” (2005) dramalari sahnalashtirilgan. Uning asari asosida sahnalashtirilgan spektakllar, suratga olingan filmlar bir qator festivallarda mukofotga sazovor bo‘lgan.

– Bu adabiy to‘plamning birinchi qismi, uning yana davomi bor, – dedi uchrashuvda O‘zbekiston xalq shoiri Usmon Azim. – Proza, dramaturgiyaning bir qismi ham keyingi to‘plamlardan o‘rin oladi.

Adabiy kechada shoir so‘zi bilan kuylanuvchi qo‘shiqlar, uning ijod namunalari yangradi. Ayniqsa, shoirning o‘zi yangi she’rlaridan o‘qib bergani adabiyot muxlislarida katta taassurot uyg‘otdi.

Nazokat Usmonova, O‘zA