Xitoy kompaniyalari bilan yangi investitsion loyihalar amalga oshiriladi
“O‘zcharmsanoat” uyushmasi delegatsiyasi Xitoy xalqaro savdoni rivojlantirish palatasining Dunguan shahar kengashi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan kichik sanoat zonalarida Xitoy kapitali asosida investitsion loyihalarni amalga oshirish masalasi muhokama etildi.
Muloqotda “O‘zcharmsanoat” uyushma delegatlari kompaniya vakillariga mamlakatimizda so‘ngi yillarda amalga oshirilgan islohotlar, ishlab chiqarish jarayonlari, xorijiy sarmoyadorlar uchun yaratilgan imkoniyat va sharoitlar, bojxona hamda soliq imtiyozlari, logistika kabi qator yo‘nalishlarda ma’lumot taqdim etdi.
Xitoy xalqaro savdoni rivojlantirish palatasining Dunguan shahar kengashi rahbariyati O‘zbekistonda yaratilgan qulay biznes muhiti mazkur shahar korxonalarining ishbilarmonlik faoliyati uchun juda muhim yo‘nalishlar ekanini ma’lum qildi. Xususan, mamlakatimizdagi mavjud charm sanoat sohasiga ixtisoslashtirilgan kichik sanoat zonalarida Xitoy kapitali asosida tabiiy charmdan tayyor mahsulotlar ishlab chiqaruvchi loyihalarni amalga oshirish taklifi bildirildi.
Xitoy xalqaro savdoni rivojlantirish palatasining Dunguan shahar kengashi joriy yilda O‘zbekistonga tashrif buyurib, kichik sanoat zonalari joylashgan hududlarni, infratuzilma bilan yaqindan tanishadigan bo‘ldi. Shundan so‘ng Xitoy kompaniyalarini ushbu kichik sanoat zonalariga taklif qilishini ma’lum qildi.
Muloqot so‘ngida joriy yilning 25 yanvar kuni Shenchjen shahrida bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston – Xitoy investitsiya forumida “O‘zcharmsanoat” uyushmasi hamda Xitoy xalqaro savdoni rivojlantirish palatasining Dunguan shahar kengashi o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum imzolanadigan bo‘ldi.
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA