Elchixonadan xayrli tashabbus: istiqbolli hamkorlik davom etadi
O‘zbekiston Respublikasining Birlashgan Arab Amirliklaridagi elchixonasi tomonidan “PraeLegal Uzbekistan” yuridik firmasi va “Falcon” kompaniyasi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda O‘zbekiston bozoriga investitsiya loyihalari kirib kelishida hal qiluvchi xulosa va takliflar taqdim etadigan xalqaro konsalting va yuridik kompaniyalar hamda investitsiya jamg‘armalari vakillari ishtirok etdi. Tadbirda mamlakatimizda so‘nggi yillarda qulay investitsiya muhitini yaratish borasida olib borilayotgan islohotlar, investitsiyalarning himoyalanganlik darajasi aniq misollar asosida namoyish etildi.
Tadbirning birinchi panel sessiyasida “PraeLegal Uzbekistan” yuridik firmasi vakili M. Ro‘ziyev moderatorlik qildi. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi vakili T. Kurokboyev, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi vakili Sh. Rahimov hamda “PraeLegal Uzbekistan” yuridik firmasi rahbari Sh. Abdulqosimov tomonidan O‘zbekistondagi investitsiya muhiti, mavjud qonunchilik, xorijiy investorlar uchun berilgan huquqiy va soliq imtiyozlari hamda xizmatlar to‘g‘risida batafsil ma’lumot va tavsiyalar taqdim etildi.
“Norton Rose Fulbright” yuridik firmasi vakili N.Kreymer moderatorlik qilgan ikkinchi panel sessiyada esa Toshkent xalqaro arbitraj markazi direktori D. Bayzakova, “PraeLegal Uzbekistan” yuridik firmasi vakili M. Ro‘ziyev tomonidan O‘zbekiston Respublikasining sud tizimi va yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nizolarni hal qilishning muqobil usuli, ikki tomonlama soliqqa tortishning oldini olish bo‘yicha kelishuvlarni ko‘rib chiqish to‘g‘risida ma’lumot berildi. Shuningdek, tadbirda Dubay xalqaro moliya markazi sud idorasi (DIFC Courts) bosh registratori Amna Ol Ovais DIFC sudlarining tashkil etilishi va faoliyati uchun qonunchilik integratsiyalash jarayonidagi tajriba va muammolarga to‘xtaldi.
“Holiday factory” kompaniyasi tomonidan namoyish etilgan mamlakatimiz turizm salohiyatini aks ettiruvchi taqdimot tadbir ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi. Videoroliklar to‘plami mehmonxona monitorlarida namoyish etib borildi. Turizm, milliy qadriyatlar va san’at asarlaridan iborat kichik ko‘rgazma tashkil etildi. Tadbir yakunida ishtirokchilar uchun milliy taom – osh tortildi. Turizm salohiyatini rivojlantirish, tashrif buyuruvchi turistlar sonini yanada oshirish va ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish maqsadida Turizm qo‘mitasidan ishtirok etgan delegatsiya vakili “Holiday Factory”
va “VFS Global” kompaniyalari bilan muzokaralar o‘tkazdi.
Tadbirda DIFC erkin zonasi ishtirokchilari, xalqaro konsalting va yuridik kompaniyalar mintaqaviy ofislari vakillari, O‘zbekiston bozoriga kirish istagida bo‘lgan kompaniyalar yuristlari ishtirok etgani juda ahamiyatli bo‘ldi. Xususan, investorlarga yaratilgan imkoniyatlarga qo‘shimcha ravishda kompaniyani ro‘yxatdan o‘tkazish va uni xorijlik tomonidan boshqarilishi, umumiy mehnat munosabatlari, ish beruvchiga qo‘yiladigan talablar, mahalliy ishchilar va mahalliy ishlab chiqarilgan mahsulotlardan foydalanishda majburiyat yuklanishi va boshqa shu kabi ko‘plab masalalar muhokama qilindi.
Mazkur tadbirning xususiy biznes vakillari bilan tashkil etilishi o‘ziga xos ahamiyatga ega. Jumladan, ma’lumot almashinuviga imkon yaraldi, O‘zbekiston haqidagi umumiy tasavvur va qarashlar yanada boyidi. Eng asosiysi kelgusida amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan loyihalarga ijobiy xulosalar olish imkoni yanada kengaydi.
D.Solixova, O‘zA