O‘zbekiston-Xitoy: hamkorlikning yangi bosqichlari

308

Bugun O‘zbekiston – Xitoy hamkorlik munosabatlari keng ko‘lam kasb etib, strategik sheriklik aloqalari yuksak darajaga ko‘tarilmoqda. Mamlakatlarimizning milliy manfaatlari, ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyoti, jahondagi nufuzi yuksalishiga xizmat qiladigan bu aloqalar o‘zaro do‘stlik, mustahkam ishonchga asoslangan hamkorlik negizida taraqqiy etmoqda.

So‘nggi yillarga e’tibor qaratilsa, O‘zbekiston-Xitoy o‘zaro tovar aylanmasi qariyb 40 foizga oshgan. Investitsion loyihalar 5 barobarga oshgan bo‘lsa, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi qo‘shma hamkorlik korxonalari soni 3 barobarga ko‘paygan. Albatta, bularning barchasi bugungi iqtisodiy rivojlanishning yagona ko‘rinishidir.

Xitoy Xalq Respublikasi poytaxti Pekin shahrida joylashgan O‘zbekiston elchixonasida bo‘lib o‘tayotgan «O‘zbekiston-Xitoy agrar ta’lim forumi»da ham ayni shunday hamkorlik masalalariga alohida e’tibor qaratildi. O‘z navbatida ilm-fanni rivojlantirish orqali qishloq xo‘jaligida yangicha qarash, yangicha munosabatlarga ishonch bildirgan holda davlatimiz rahbarining Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirayotgan tashrifi keng ko‘lamli islohotlarning izchilligini ta’minlashda alohida o‘rin tutishi qayd etildi.

Aytish kerakki, Xitoy O‘zbekiston bilan ko‘p tomonlama amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, bu ham aynan xitoylik hamkorlarning O‘zbekistonga qiziqishining nihoyatda kuchli ekanidan dalolat beradi.

Ayniqsa, oxirgi yillarda “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi doirasida Xitoyning olib borayotgan siyosati O‘zbekiston siyosati bilan hamohangligi hamda keyingi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi do‘stlik aloqalari, mintaqadagi tinchlik va barqarorlikni ta’minlashdagi tashabbuslari e’tiborga molik.

Davlatimiz rahbarining bu galgi davlat tashrifi davomida kutilayotgan yuqori bosqichdagi uchrashuvlar va kelishuvlar ikki mamlakat uchun ham manfaatli bo‘lishi bilan ahamiyatlidir.

Muxtasar aytganda, mazkur forum doirasida 34 ta hamkor tashkilotlar bilan qishloq xo‘jaligi fanlarini rivojlantirishga qaratilgan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi.

Chunonchi, Xitoyning keyingi yillarda qishloq xo‘jaligi, ayniqsa, oziq-ovqat xavfsizligi yo‘nalishidagi qo‘lga kiritgan yutuqlari, hosildorlikni oshirishga xizmat qiladigan yangi texnologiyalarini mamlakatimizda ham joriy etish borasida kelishuvlar imzolandi.

Umuman olganda oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash, g‘o‘za seleksiyasi, umuman chigitdan olinadigan mahsulot turlarini kengaytirish bo‘yicha alohida loyiha va qo‘shma laboratoriya qurish hamda qo‘ziqorin yetishtirishni mamlakatimizda joriy etish bo‘yicha Xitoy tajribasi o‘rganilmoqda.

Aytish kerak, baliqchilik sohasida Xitoyda juda katta maktab mavjud. Ayniqsa, baliq kasalligiga qarshi kurashishning yangi texnologiyalari, umuman hayvon kasalliklarining oldini olish borasida vaksinaga bo‘lgan talabni qondirish maqsadida hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgan.

Bu kabi hamkorlik natijasida qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarishni kengaytirish, mahsulotlar tannarxini kamaytirish, Xitoy tajribasi orqali oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va oziq-ovqat isrof bo‘lmasligi, agrologistika platformalari orqali ularni saqlagan holda, eksport hajmini oshirish bo‘yicha katta qadamlar tashlanmoqda.

Zero, mazkur tashrif nafaqat qishloq xo‘jaligi, balki barcha sohalarda yangi loyihalarni amalga oshirish uchun debocha bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zA