Xorij matbuoti O‘zbekiston haqida

262

Saudiya Arabistoni Podshohligi axborot agentligi – SPA “Qimom” uchinchi xalqaro tog‘ san’ati festivali tadbirlarini keng yoritdi. Mamlakatning janubi-g‘arbiy qismidagi tog‘li hudud – Asir viloyati ma’muriy markazi Abha shahridagi “Malik” saroyida bo‘lib o‘tgan xalqaro ijrochilik festivalida 45 nafar mahalliy va xalqaro jamoa ishtirok etgan.

Teatr va sahna san’ati boshqarmasi tomonidan tadbirda O‘zbekiston san’atkorlari taqdim etgan, xalqchilligi va latofati, ommabopligi bilan YUNESKO reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan “Lazgi” raqsi tomoshabinlar olqishiga sazovor bo‘lgani e’tirof etilgan.

Nomoddiy meros sanalmish “Lazgi” jahon ahliga boy milliy qadriyatlarimizni namoyon etishi barobarida mamlakatimiz sayyohlik jozibadorligini oshirishga ham xizmat qilayotgani quvonarli.

Muharrama Pirmatova, O‘zA