Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida millat genofondini sog‘lomlashtirish asosiy maqsadlardan biri ekanligi belgilangan bo‘lib, o‘tgan yili joriy etilgan “ERP sport” yagona elektron boshqaruv tizimi sport bilan shug‘ullanuvchilarning son va sifat ko‘rsatkichlarini monitoring qilib borishga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘lmoqda.

Aytish lozim, ilg‘or xorijiy sport-ta’lim texnologiyalarining transferini amalga oshirishda “ERP sport” yagona elektron boshqaruv tizimi ishga tushirilgani ayni muddao bo‘ldi. Biroq ushbu tizim faoliyatining to‘laqonli ishlashini ta’minlashda mutaxassislarning bilim darajasi muhim omil sanaladi.

Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi tomonidan sport ta’lim dargohlarida murabbiy va mutaxassislar uchun “ERP sport” yagona elektron boshqaruv tizimidan foydalanish, uning shaffof ishlashini ta’minlash borasida o‘quv-seminarlar o‘tkazib kelinmoqda.

O‘tgan davr mobaynida 24 ta quyi axborot tizimidan iborat “ERP sport” yagona elektron boshqaruv tizimi ishlab chiqildi.

Joriy yilning 15-25 yanvar kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar hamda Toshkent shahrida “ERP sport” yagona elektron boshqaruv tizimidan foydalanish bo‘yicha amaliy o‘quv seminarlar o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi.

Shu kunlarda joylarda tizimdan samarali va to‘liq foydalanish maqsadida qisqa muddatli malaka oshirish kurslari, seminar mashg‘ulotlari olib borilmoqda.

Seminar yakunida uning ishtirokchilariga maxsus sertifikatlar topshirilishi nazarda tutilgan.

 

T. Ro‘ziyev, O‘zA