Namanganning “Navbahor” klubi ayni kunlarda Turkiyada o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini olib bormoqda. So‘nggi yetti kun davomida jamoa Qozog‘iston, Janubiy Afrika Respublikasi va Rossiya klublariga qarshi uchta nazorat o‘yinida maydonga tushdi.

Antaliya yig‘inida namanganlik futbolchilar dastavval, Petropavlovskning “Qiziljar” jamoasi bilan kuch sinashdi. Ushbu uchrashuvda qozog‘istonliklar 2:1 hisobida zafar quchdi. “Navbahor”ning yagona golini Azimjon Ahmedov kiritdi. Samvel Babayan shogirdlariga Turkiya yig‘ini doirasidagi ikkinchi nazorat o‘yinida JARning “Gelaksi” jamoasi raqiblik qildi.

Uchrashuvda vodiyliklar darvozasiga javobsiz beshta gol urgan afrikaliklar yirik hisobda g‘alaba qozondi. Ta’kidlash darkor, odatda nazorat-sinov o‘yini yoki yig‘inlarda klublar asosiy e’tiborni futbolchilarning jismoniy holatini saqlab turishga qaratadi. Demak, ushbu uchrashuvda qayd etilgan natijadan “Navbahor” muxlislari xavotir olmasliklari kerak. Zero, aytishadiku, “Mashqda qiyin bo‘lsa, jangda oson bo‘ladi”, deb.

Turkiyadagi ob-havoning favqulodda o‘zgargani ko‘plab jamoalar qatori “Navbahor”ning ham rejalarini o‘zgartirishiga olib keldi. Ya’ni “Lochinlar” keyingi o‘rtoqlik bellashuvini Rossiyaning “Axmat” jamoasiga qarshi o‘tkazishlari ko‘zda tutilgandi. Biroq Antaliyada to‘xtovsiz yomg‘ir yoqqanligi sababli Grozniy shahri jamoasiga qarshi o‘rtoqlik bahsi o‘zaro kelishuvga asosan o‘tkazilmaydigan bo‘ldi.

Shunga qaramay yig‘indan oqilona foydalanish maqsadida namanganliklar Rossiya premer-ligasi vakili “Orenburg” klubi bilan nazorat uchrashuvini o‘tkazdi. MDH davlatlari orasida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan jamoaga qarshi kechgan bellashuvda “Navbahor” bosh murabbiyi Samvel Babayan klub safiga yangi kelib qo‘shilgan Aleksandr Lobanov, eronlik legioner Siyavash Haqnazari, Ruslanbek Jiyanov singari futbolchilarni sinab ko‘rdi. O‘yin birinchi bo‘limini asosan raqib darvozasi oldida o‘tkazgan “Lochinlar” 42-daqiqada Ibrohim Yo‘ldoshevning uzoqdan yo‘llagan kuchli zarbasi tufayli hisobni ochdi.

62-daqiqada orenburgliklar o‘z jarima maydonchasi ichida “Navbahor” vakiliga nisbatan qo‘pollik ishlatdi. Belgilangan penaltini gruziyalik hujumchi Toma Tabatadze bexato amalga oshirdi. Lekin namanganlik futbolchilar g‘alabani ushlab qola olishmadi. So‘nggi daqiqalarda va hakam tomonidan qo‘shib berilgan lahzalarda “Orenburg” jamoasi ikki bor “Navbahor” darvozasini ishg‘ol etib, mag‘lubiyatdan qutilib qoldi. Shu tariqa, murosasiz o‘yin 2:2 hisobidagi jangovar durang bilan yakunlandi.

Oqilxon Dadaboyev,

O‘zA muxbiri