Xitoyning Urumchi shahrida O‘zbekiston-Xitoy mintaqalararo forumida ishtirok etayotgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev rahbarligidagi delegatsiya forum doirasida ushbu mamlakat kompaniyalari vakillari bilan o‘zaro muloqot olib borib, ularning ishlari bilan yaqindan tanishdi.
O‘z navbatida, Qoraqalpog‘istonda tadbirkorlarga yaratilgan sharoitlar, investitsion jozibadorlikni orttirish, investorlarga imtiyozlar berish borasida Prezidentimiz tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ham keng ma’lumot berildi.
Forum doirasida Shinjon-Uyg‘ur avtonom rayoni Aksu okrugi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumani o‘rtasida savdo-iqtisodiyot, qishloq xo‘jaligi, energetika, ta’lim, sog‘liqni saqlash va turizm sohalari bo‘yicha ikki tomonlama hamkorlik qilish, bu borada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan choralarni kengaytirish, investitsion loyihalarni amalga oshirishda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.
Qoraqalpog‘iston delegatsiyasi forum doirasida “Xinjiang silk road golden camel” kompaniyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Kompaniya rahbariyati bilan ikki tomonlama hamkorlik qilish, istiqbolli loyihalar ustida ish olib borish, shuningdek, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qo‘ng‘irot tumani hududida dastlabki qiymati 108,9 million dollarlik kaustik soda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri