Samarqand shahar jamoat transporti uchun elektrobuslar va quvvatlash qurilmalari xarid qilinadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokida “Samarqand shahar jamoat transporti uchun elektrobuslar xarid qilish va ular bilan bevosita bog‘liq infratuzilmani yaratish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Ma’lumki, ushbu loyiha 3 yil muddatda (2023-2025 yillar) amalga oshirilishi belgilangan.
Loyiha YeTTB tomonidan ajratiladigan qarz mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladi.
Transport vazirligi va Samarqand viloyati hokimligi YeTTB tomonidan ajratiladigan qarz mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanish hamda loyihaning o‘z muddatida va sifatli amalga oshirilishi uchun mas’ul ijro etuvchi organlar, “Samarqandyo’lovchitrans” DK esa, loyiha benefitsiari hisoblanadi.
Loyiha doirasida xarid qilinadigan elektrobuslar va quvvatlash qurilmalari xususiy sektorga (tashuvchilarga) eng yaxshi takliflarni tanlab olish yo‘li bilan moliyaviy ijaraga beriladi;
xarid qilinadigan elektrobuslar tanlab olingan muntazam shahar avtobus yo‘nalishlariga brutto-shartnoma asosida, istisno tariqasida, to‘g‘ridan-to‘g‘ri 7 yil muddatga biriktiriladi. Bunda, yo‘nalishlar narxi belgilangan tartibda shakllantiriladi;
moliyaviy ijaraga beriladigan elektrobuslar va quvvatlash qurilmalari rekonstruksiya qilinadigan avtobus saroyida “Samarqandyo’lovchitrans” DK va tashuvchilar o‘rtasida belgilangan tartibda shartnoma asosida saqlanadi va xizmat ko‘rsatiladi;
o‘zlashtirilgan mablag‘lar va erishilgan natijalar yuzasidan ma’lumotlar o‘rnatilgan tartibda Transport vazirligi hamda Samarqand viloyati hokimligining rasmiy veb-saytida muntazam e’lon qilib boriladi.
Elektrobuslar va quvvatlash qurilmalarini moliyaviy ijaraga berish bo‘yicha idoralararo ishchi guruh tashkil etiladi. Ishchi guruhning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat bo‘ladi:
moliyaviy ijaraga berish bo‘yicha tanlov o‘tkazish tartib-taomillarini va tanlov ishtirokchilari uchun qo‘yiladigan minimal talablarni belgilash;
moliyaviy ijaraga berish shartlarini ishlab chiqish va tasdiqlash;
tanlov o‘tkazish va tanlov ishtirokchilarining takliflarini baholash hamda g‘oliblarni aniqlash;
moliyaviy ijaraga berish bo‘yicha namunaviy shartnomani ishlab chiqish va tasdiqlash;
tashuvchilar (tanlov g‘oliblari) tomonidan “Samarqandyo’lovchitrans” DK avtobus saroyidan foydalanish shartlarini belgilash.
Moliyaviy ijaraga beriladigan elektrobuslar va quvvatlash qurilmalari tanlab olingan muntazam shahar avtobus yo‘nalishlari kesimida lotlar bo‘yicha tanlov savdolariga chiqariladi;
moliyaviy ijara shartnomasi 10 yil muddatga tuziladi hamda ijara tushumlari Samarqand viloyati jamoat transportini moliyalashtirish bo‘yicha maxsus jamg‘armasiga yo‘naltiriladi;
ijarachi tomonidan moliyaviy ijara shartnomasida belgilangan majburiyatlar to‘liq bajarilgan taqdirda, elektrobuslar va quvvatlash qurilmalari ijarachining mulkiga o‘tkaziladi;
Loyiha doirasida rekonstruksiya qilinadigan avtobus saroyi tashuvchilarga (tanlov g‘oliblariga) ijara asosida xizmat ko‘rsatadi hamda uchinchi shaxslarga sotilishi va begonalashtirilishiga ruxsat etilmaydi.
Qaror bilan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ishtirokidagi “Samarqand shahar jamoat transporti uchun elektrobuslar xarid qilish va ular bilan bevosita bog‘liq infratuzilmani yaratish” loyihasi texnik-iqtisodiy asosining asosiy ko‘rsatkichlari;
“Samarqand shahar jamoat transporti uchun elektrobuslar xarid qilish va ular bilan bevosita bog‘liq infratuzilmani yaratish” loyihasi bo‘yicha jalb qilingan YeTTBning asosiy qarzini qaytarish, unga hisoblangan foizlar, bir martalik boshlang‘ich va majburiy to‘lovlarni amalga oshirishning prognoz jadvali;
Samarqand shahar jamoat transporti uchun elektrobuslar va quvvatlash qurilmalarini yetkazib berish grafigi tasdiqlandi.
O‘zA