Ta’limdagi hamkorlik mustahkamlanmoqda

256

Xitoy Xalq Respublikasining Pekin shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston-Xitoy ta’lim forumida ikki mamlakat tomonidan 100 dan ortiq oliy ta’lim muassasasi rahbarlari, ilm-fan vakillari, vazirlik va idoralar mas’ullari ishtirok etdi.

Xitoy universitetlari vakillari bilan hamkorlik doirasida akademik mobillik, talabalar almashinuvi, ta’limda sun’iy intellektni joriy etish, professor-o‘qituvchilarning malaka oshirish hamda amaliyot o‘tash masalalari muhokama qilindi.

Forumda Toshkent davlat transport universiteti prorektori A.G‘ulomov ham ishtirok etib, ba’zi bir ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qilish to‘g‘risida kelishuvlarga erishdi. Jumladan, Toshkent davlat transport universiteti va Tyanzin dengizchilik kolleji bilan “Lu Ban ustaxonasi”ning qurilish ishlarini yangi bosqichga chiqarish bo‘yicha imzolangan memorandumga binoan, laboratoriyaning qurilish ishlarini joriy yil yakuniga qadar yakunlash hamda kerakli texnik jihozlar bilan ta’minlash rejalashtirildi.  Shu bilan birga, transport infratuzilmasini rivojlantirish borasida laboratoriyada olib boriladigan ishlar bo‘yicha Xitoy tajribasini qo‘llash ko‘zda tutilgan.

Xitoyning yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri Tyanzin jahon tillari universiteti bilan Hamkorlik kelishuvi ham Toshkent davlat transport universiteti uchun tajriba almashishda qulay amaliyot bo‘ladi.

Kelishuvda professor-o‘qituvchilar, ilmiy va ma’muriy xodimlar, turdosh mutaxassisliklar bo‘yicha talabalar almashinuvi, ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlik, o‘quv va ilmiy-tadqiqot, ilmiy konferensiya va tanlovlarni birgalikda tashkil etish, turli o‘quv va ilmiy materiallar, ilmiy nashrlar va akademik ma’lumotlar almashinuvi kabi har ikki tomon uchun o‘zaro manfaatli hamkorlik nazarda tutilgan.

Nilufar Bozorova,  

O‘zA muxbiri