Tadbirkorlik sub’ektlarining barqarorlik reytingi joriy etiladi

323

O‘zbekiston Resplikasi Prezidenti “Tadbirkorlik sub’ektlarining barqarorlik reytingini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” qaror qabul qildi.

Unga muvofiq, reyting doirasida tadbirkorlik sub’ektlari quyidagi toifalarga ajratiladi:

“AAA”, “AA” va “A” toifalar – yuqori barqarorlik reytingi;

“VVV”, “VV” va “V” toifalar – o‘rta barqarorlik reytingi;

“SSS”, “SS” va “S” toifalar – qoniqarli barqarorlik reytingi;

“D” toifa – quyi barqarorlik reytingi.

Reyting Soliq qo‘mitasining “Tadbirkorlarning barqarorlik reytingi” elektron platformasida idoralararo axborot almashinuvi vositasida avtomatik tarzda (onlayn) shakllantiriladi va Savdo-sanoat palatasining rasmiy veb-saytida e’lon qilib boriladi.

Yuqori barqarorlik reytingidagi tadbirkorlik sub’ektlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoatchilik kengashi taklifiga asosan har yili 20 avgust – Tadbirkorlar kuni arafasida taqdirlash uchun davlat mukofotlari hamda “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoniga tavsiya etiladi.

Yuqori barqarorlik reytingidagi tadbirkorlik sub’ektlari uchun quyidagi rag‘batlantirish choralari joriy etiladi:

a) “AAA” toifadagi tadbirkorlik sub’ektlari faoliyatida soliq tekshiruvlari o‘tkazilmaydi (jinoiy ishlar doirasida o‘tkaziladigan tekshiruvlar bundan mustasno), shuningdek, ushbu toifadagi tadbirkorlik sub’ektlariga qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi o‘rnini qoplash (qaytarish) bir kun muddatda tekshiruvlarsiz amalga oshiriladi;

b) 4 va 5-toifadagi tumanlarda faoliyat yuritayotgan “AA” va undan yuqori toifadagi tadbirkorlik sub’ektlariga bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan sotilgan davlat aktivlari va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan yer uchastkalari bo‘yicha kamida 15 foiz miqdoridagi dastlabki to‘lov bir yo‘la amalga oshirilganda qolgan summaga Markaziy bankning asosiy stavkasi miqdorida yillik foizlar hisoblanmaydi hamda bo‘lib-bo‘lib to‘lash muddati 5 yilgacha uzaytiriladi;

v)  “A” va undan yuqori toifadagi tadbirkorlik sub’ektlariga:

soliqlar bo‘yicha (qo‘shilgan qiymat solig‘i bundan mustasno) mavjud ortiqcha to‘lov summasini qaytarish uch kun muddatda amalga oshiriladi;

tovarlarni import qilishda va tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilishda to‘lanadigan qo‘shilgan qiymat solig‘i summalarini o‘zaro hisobga olish tartibi tatbiq etiladi.

2024 yil 1 apreldan boshlab tadbirkorlik sub’ektlariga subsidiya, imtiyoz va preferensiyalar ularning reyting darajasidan kelib chiqqan holda joriy etiladi.

 

O‘zA