Toshkent shahar hokimligida Xitoy Xalq Respublikasining Xanchjou shahrida bo‘lib o‘tgan XIX yozgi Osiyo va IV Paraosiyo o‘yinlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilar munosib taqdirlandi.

Xabaringiz bor, 2023 yil Xitoyning Xanchjou shahrida o‘tkazilgan XIX yozgi Osiyo  o‘yinlarida vakillarimiz 22 ta oltin, 18 ta kumush va 31 ta bronza jami 71 ta medal, Paraosiyo o‘yinlarida esa 25 ta oltin, 24 ta kumush, 30 ta bronza, jami 79 ta medalni qo‘lga kiritgan edi.

Mazkur ikki nufuzli musobaqada 115 nafar delegatsiya a’zosi Toshkent shahri sportchilari hisoblanadi. Ular ikki nufuzli musobaqada 12 ta oltin, 4 ta kumush, 19 ta bronza jami 35 ta medalga sazovor bo‘ldi.

Ushbu medallarni qo‘lga kiritgan sportchilarni taqdirlash marosimida Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari S.Obidov va Mahalla uyushmasi raisi F.Mahmudxo‘jayev ishtirok etdi. Unda Osiyo va Paraosiyo  o‘yinlarida oltin medalni qo‘lga kiritgan sportchilar 36 million so‘mdan pul mukofoti bilan taqdirlangan bo‘lsa, kumush medal sovrindorlari 18 million so‘mdan, bronza medali egalari esa 9 million so‘mdan pul mukofoti hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA