O‘zbekiston-Xitoy qishloq xo‘jaligi biznes-forumi tashkil etildi

266

O‘zbekistonning Xitoydagi elchixonasida O‘zbekiston-Xitoy qishloq xo‘jaligi biznes-forumi tashkil etildi. Tadbirda 80 nafarga yaqin tadbirkor ishtirok etdi.

Xitoylik tadbirkorlar O‘zbekiston iqtisodiyotida amalga oshirilayotgan islohotlarni e’tirof etdi. Sarmoya bilan birgalikda eng so‘nggi ishlanma, ilmiy izlanish natijalari ham yurtimizda istiqbolli kechishini qayd etdi.

Forum davomida ikki davlat o‘rtasida suv tejovchi texnologiyalar, urug‘chilik, chorvachilik, mahsulotlarni qayta ishlash, yer holatini tiklashga yo‘naltirilgan ishlanmalar, mevali ko‘chatlar yetishtirish, issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etish, hayvonlarda uchraydigan kasalliklarga qarshi vaksinalar, qo‘ziqorin yetishtirish, agrologistika markazlarini tashkil etish, innovatsion laboratoriyalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish, bog‘ va uzumzorlarni aqlli boshqarish tizimlari, poliz mahsulotlarining hosildorligini oshirish, don va dukkakli mahsulotlarning yangi avlodini yetishtirish kabi loyihalarni birgalikda amalga oshirishga kelishildi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, so‘nggi yillarda O‘zbekiston-Xitoy o‘zaro tovar aylanmasi qariyb 40 foizga, investitsion loyihalar 5 barobarga oshgan bo‘lsa, ikki davlat o‘rtasidagi qo‘shma hamkorlik korxonalari soni 3 barobarga ko‘paygan.

Forum doirasida 34 ta hamkor tashkilot bilan qishloq xo‘jaligi fanlarini rivojlantirishga qaratilgan uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Xitoyning keyingi yillarda qishloq xo‘jaligi, ayniqsa, oziq-ovqat xavfsizligi yo‘nalishida qo‘lga kiritgan yutuqlari, hosildorlikni oshirishga xizmat qiladigan yangi texnologiyalarini mamlakatimizda ham joriy etish borasida kelishuvlar imzolandi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA