Mudofaa vazirligining Nukus garnizonida muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilar O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishga yordam beradigan harbiy qism qo‘mondonligining imtiyozli tavsiyanomalariga ega bo‘lish uchun test sinovlarini topshirishni boshladi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Mudofaa, Ichki ishlar va Favqulodda vaziyatlar vazirliklari hamda Davlat xavfsizlik xizmati va Milliy gvardiyaning 2019 yil 30 dekabrdagi “Muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan harbiy xizmatchilarga O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirish uchun tavsiyanomalar berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qo‘shma qarori bilan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan, jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik bo‘yicha yuksak natijalarga erishgan, zaruriy bilim ega, namunali harbiy intizomini namoyon etgan eng munosib harbiy xizmatchilarga harbiy qism qo‘mondonligining imtiyozli tavsiyanomasi berilishi belgilangan.
Mazkur qo‘shma qarorga muvofiq, o‘z harbiy burchini vijdonan ado etgan va harbiy qism komandirining imtiyozli tavsiyanomasiga ega bo‘lgan yigitlar respublikaning oliy harbiy ta’lim muassasalaridagi tegishli ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirishda test sinovlari natijalariga ko‘ra to‘plagan ballarining 50 foizi miqdorida qo‘shimcha ball shaklidagi imtiyoz, shuningdek, oliy ta’lim muassasalari (oliy harbiy ta’lim muassasalari bundan mustasno) bakalavriatiga o‘qishga kirish uchun oliy ta’lim muassasalariga qabul parametrlaridan tashqari ajratiladigan alohida qabul ko‘rsatkichlari doirasida tanlovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi.
Nukus garnizonidagi harbiy qismlarning birida o‘tkazilayotgan sinovlar eng sara askarlarni aniqlash va ularga qo‘shimcha imtiyoz shaklida tavsiyanomalarni berish uchun saralashning yakuni hisoblanadi. Chunki harbiy xizmat mobaynida har bir askar jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlikdan olgan baholari, xizmatda erishgan yutuqlari hamda namunali xulqi va vazifalarni vijdonan bajarayotganligi nazorat qilinadi.
Test sinovlari o‘zida jami 100 ta savolni mujassam etib, shundan 40 tasi jangovar tayyorgarlik, 20 tasi ma’naviy-ma’rifiy, 10 tasi matematika, 10 tasi fizika hamda 20 tasi mantiqiy savollardan iborat. To‘g‘ri javoblar uchun jangovar tayyorgarlik bo‘yicha 1,2 ball, ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik uchun 1,1 ball hamda qolgan yo‘nalishlar bo‘yicha 1 balldan baholab boriladi. Test sinovlarini o‘tkazish uchun umumiy 3 soat vaqt ajratilgan.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolarga harbiy qismlar qo‘mondonligi tomonidan oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun berilgan tavsiyanomalar ular berilgan sanadan boshlab uch yil mobaynida amal qiladi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat),
O‘zA muxbirlari