Ta’lim maqsadlari uchun internetdan foydalana oluvchi maktablar ulushi 86,3 foizdan 94,6 foizga ko‘paydi

271

BMT ning Barqaror rivojlanish maqsadlari reytingiga ko‘ra, O‘zbekiston 2023 yilda 166 ta mamlakat orasida 69 o‘rinni egalladi. Buni 2022 yil bilan taqqoslaganda, 8 pog‘ona yuqoridir.

Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti katta ilmiy xodimi Abdullatif Anvarxonovning qayd etishicha, O‘zbekistonda 2017-2022 yillarda BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarining 10 tasi bo‘yicha ko‘rsatkichlar yaxshilangan.

–Ulardan biri –  4 maqsad, ya’ni “Sifatli ta’lim bilan ta’minlash” maqsadi bo‘lib, u o‘z ichiga 9 ta vazifa hamda 6 ta ko‘rsatkichni qamrab oladi, –dedi A. Anvarxonov. – Mamlakatimizda 4-maqsad ko‘rsatkichlar bo‘yicha ijobiy o‘zgarishlar qayd etildi. Masalan, uy xo‘jaliklarini o‘rganish bo‘yicha xalqaro dastur – Multiindikator klaster kuzatuvlari doirasida olib borilgan tadqiqotlar sog‘lig‘i, ta’lim olishi va psixologik ijtimoiy farovonligi nuqtai nazaridan yaxshi rivojlanayotgan 3-5 yosh oralig‘idagi bolalar ulushi 82,6 foizni tashkil etishini ko‘rsatdi. Bu ko‘rsatkich BMT ga a’zo mamlakatlar bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichga mos keladi. 2018-2022 yillarda bolalarning boshlang‘ich ta’limga bir yillik tayyorlov jarayonida ishtirok etishi 2 barobar yaxshilandi.

2018-2022 yillarda ta’lim jarayonida zarur vositalar bilan ta’minlangan maktablar ulushi ham ortdi. Masalan,  ta’lim maqsadlari uchun internetdan foydalana oluvchi maktablar ulushi 86,3 foizdan 94,6 foizga, kompyuterlar bilan ta’minlangan maktablar ulushi 87,3 foizdan 97,7 foizga, jismoniy imkoniyatlari cheklangan o‘quvchilar uchun moslashtirilgan infratuzilma va materiallarga ega maktablar ulushi 26,5 foizdan 49,8 foizga ko‘paydi. Maktabgacha ta’lim muassasalarida ta’lim darajasi bo‘yicha eng kam talab qilinadigan malakaga ega o‘qituvchilar ulushi 95,6 foizdan 96,1 foizga yetdi.

Ta’kidlash kerakki, 4-maqsadning bajarilishi “O‘zbekiston-2030” strategiyasi maqsadlari bilan uzviy ravishda bog‘liq bo‘lib, unda mamlakatda ta’lim sifatini oshirish bo‘yicha qator  vazifalar belgilangan. Unga ko‘ra, davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini 100 foiz kompyuter sinfi bilan ta’minlash orqali tarbiyalanuvchilarda boshlang‘ich kompyuter savodxonligi ko‘nikmalarini shakllantirish, yangi avlod darsliklari asosida planshetlar uchun 1000 ta multimedia dasturini yaratish,  barcha umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida kasb-hunarga o‘rgatish kurslarini joriy etish,  nodavlat umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari sonini 1000 taga yetkazish, 14 ta hududiy professional tayyorgarlik markazini tashkil etish, malaka toifasiga ega bo‘lgan pedagog kadrlar ulushini 50 foizga, masofaviy yoki aralash shakllarda tashkil etiladigan malaka oshirish kurslari ulushini 30 foizga yetkazish  ko‘zda tutilgan.

N. Ziyodullayeva, O‘zA