“Yashil haftalik — 2024”: O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi rivoji uchun qanday kelishuvlarga erishildi?

Ayni kunlarda Germaniyaning Berlin shahrida bo‘lib o‘tayotgan “Yashil haftalik — 2024” xalqaro ko‘rgazmada O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov boshchiligidagi delegatsiya vakillari ham ishtirok etmoqda. Dunyoning 70 ga yaqin davlatidan delegatsiya va kompaniyalar, 10 dan oshiq nufuzli xalqaro tashkilot vakillari qatnashayotgan haftalik davomida qishloq xo‘jaligi, bog‘dorchilik va xalqaro oziq-ovqat ko‘rgazmalari namoyish etildi.
Ko‘rgazmada “O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan” milliy stendi tashkillashtirilib (163 kv.m.), yangi va quritilgan meva-sabzavot mahsulotlari, sharbatlar, jemlar, yog‘ mahsulotlari, salqin ichimliklar, qandolat mahsulotlari va boshqa 192 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari taqdim etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov va Vengriya qishloq xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Jolt Feldman o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda chorvachilik yo‘nalishida hamkorlik aloqalari, kartoshkachilik, xususan kartoshkani O‘zbekiston iqlim sharoitiga mos navlarini yetishtirish bo‘yicha muzokaralar olib borildi. Muloqot yakunida ikki tomon vakillari o‘zaro hamkorlikning istiqbollari hamda kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan fikrlar almashdi. Shuningdek, ko‘rgazma doirasida O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vazirligi hamda Germaniyaning Federal oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi vazirligi vakillari o‘rtasida ham uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Suhbat jarayonida O‘zbekiston hamda Germaniya o‘rtasidagi qishloq xo‘jaligi sohasida hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Xususan, qishloq xo‘jaligida ilm-fan istiqbollari, ikki tomonlama hamkorlikning “Yo‘l xaritasi”ni ishlab chiqish hamda bu borada ishchi guruh tuzish masalalari uchrashuvning asosiy muhokama mavzusiga aylandi.


“Yashil haftalik — 2024” xalqaro ko‘rgazmada Xalqaro oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi forumi doirasida Ochiq plenar sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Dastavval, sessiyada Germaniya Federal oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi vaziri Jem O‘zdemir ko‘rgazmaga tashrif buyurgan barcha ishtirokchilarga minnatdorchilik bildirdi. Bu kabi ko‘rgazmalar qishloq xo‘jaligida dunyo davlatlari hamkorligini mustahkamlashda eng muhim qadam ekanligini ta’kidladi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov so‘zga chiqib, bu kabi forumlar qishloq xo‘jaligida muhim poydevor vazifasini bajarishini, o‘zaro manfaatli hamkorlik qilish uchun maydon vazifasini o‘tab berishini aytib o‘tdi. Shuningdek, u qishloq xo‘jaligida fermerlarning rolini oshirish va ilm-fanni o‘rganish ko‘plab muammolarga yechim bo‘la olishini alohida ta’kidlab o‘tdi.


Haftalik davomida Polsha, Chexiya, Latviya, Tojikiston Gollandiya qishloq xo‘jaligi vazirlari, Vengriyaning vazir o‘rinbosarlari va Germaniyaning Qishloq xo‘jaligi jamiyati bilan bir qancha kelishuvlarga erishildi. Xususan, Tojikiston Qishloq xo‘jaligi vaziri Qurbon Hakimzoda bilan O‘zbekiston qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish va republikada mavjud agrologistika markazlarini yaratish bo‘yicha tajriba almashish hamda ikki mamlakat o‘rtasida eksport salohiyatini oshirishda xususiy sektorni jalb qilish imkoniyatlari muhokama qilindi. O‘z o‘rnida, Tojikiston tomonidan 10 ming gektar maydonda o‘zbek seleksiyasiga mansub urug‘lik sholi (“Iskandar” va “Lazurniy” navlari) va sabzavot urug‘larini (piyoz va sabzi) Tojikistonga yetkazib berish hamda Xo‘jand viloyatida paxta va sholini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan agroklasterni yaratish bo‘yicha takliflar bildirildi.

Hozirda amalga oshirilayotgan loyihalarni (20 gektar maydonda “Do‘stlik bog‘i”ni barpo qilish, o‘zbek seleksiyaga mansub za’faronni Tojikistonda hamkorlikda yetishtirish va uchinchi davlatlarga eksport qilish) hamda oziq-ovqat mahsulotlari aylanmasini 1 milliard dollarga yetkazish borasida kelishib olindi.
Latviya qishloq xo‘jaligi vaziri Armands Krauze bilan kelishuvga ko‘ra, kelgusida qishloq xo‘jaligidagi ilm-fan sohasida hamkorlik rivojlantiriladi. O‘zbekiston va Latviya o‘rtasida tajriba almashish dasturlari ishlab chiqiladi, organik dehqonchilikni rivojlantirish bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Ikki tomonlama eksportga keng yo‘l ochilishi uchun ko‘rgazmalar o‘tkaziladi.

Polsha qishloq xo‘jaligi va qishloq taraqiyoti vaziri bilan O‘zbekiston va Polsha o‘rtasida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish sohasida “Ishchi guruh”ni tasdiqlash, mazkur ishchi guruh tomonidan seleksiya, urug‘chilik, raqamlashtirish, shuningdek, qishloq xo‘jaligi klasterlari kooperatsiyasi, chorvachilik va qishloq xo‘jaligi oliy o‘quv yurtlarida talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishildi.
Chexiya va O‘zbekiston o‘rtasida veterinariya sohasi rivojlantiriladi. Hayvon kasalliklarini tekshirish uslublari va mobil veterinariya klinikalarini yaratish sohasida hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi hamda mazkur yo‘nalishda “Ishchi guruh” faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Muloqot davomida Chexiya qishloq xo‘jaligi vaziri Marek Viborni joriy yil 22-27 avgust kunlari Chexiyada bo‘lib o‘tadigan Qishloq xo‘jaligi yarmarkasida O‘zbekiston milliy stendini ham ishtirok etishga chorladi.

Vengriyaning “Marthon Genetics” kompaniyasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston tuproq-iqlim sharoitida qovoqning yuqori hosildor navlarini yaratishda hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar olib borildi.
Germaniya qishloq xo‘jaligi jamiyati “DLG” kompaniyasi prezidenti Xubertus Petou bilan tashkil etilgan suhbat davomida O‘zbekiston fermerlari va agronomlarini Germaniyada o‘qitish bo‘yicha doimiy o‘quv kurslarini tashkil qilish va qishloq xo‘jaligi sohasida qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmatining ma’lumotiga ko‘ra, ko‘rgazma doirasida uchrashuvlar, kelishuvlar, investitsion va hamkorlik shartnomalari imzolanishi kutilmoqda. Ko‘rgazma davom etmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi, O‘zA