“Tojikistonning alyuminli mahsulotlaridan foydalanish va mamlakatda mavjud litiy zaxirasi elektromobillar ishlab chiqarish uchun yaxshi sharoit yaratadi. Ya’ni, mamlakatimiz bunday avtomobillar uchun ikki turdagi xom-ashyoga ega”.
Bu haqda Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon Qatar davlati tadbirkorlari va kompaniyalari biznes doirasi vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda aytib o‘tdi, deb yozmoqda «Hovar» axborot agentligi.
Davlat rahbarining ta’kidlashicha, ishlab chiqarish sanoati hamkorlikning yana bir istiqbolli yo‘nalishi bo‘lishi mumkin.
«Tojikiston Respublikasini 2030 yilgacha rivojlantirish milliy strategiyasi”ning asosiy maqsadlaridan biri mamlakatni sanoatlashtirishdir. Ushbu jihat tog‘-kon sanoatini rivojlantirish uchun mustahkam asos yaratadi», deyiladi xabarda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Tojikistonda 800 ta foydali qazilmalar koni aniqlangan va qisman o‘zlashtirishga tayyorlab qo‘yilgan. Ular noyob va qimmatbaho metallar, jumladan, mis, kumush, oltin, qo‘rg‘oshin, litiy, surma, nikel, volfram, vanadiy va boshqa kamyob ma’danlardir.