Germaniyaning “Mercedes-Benz” avtomobil ishlab chiqaruvchisi mamlakatdagi barcha avtosalonlarini sotishni rejalashtirmoqda. Shu maqsadda konsern ehtimoliy yangi operatorlar bilan muzokaralar o‘tkazishni rejalashtirmoqda, deya xabar bermoqda “Bıld” nashri.

Ushbu qaror taxminan 80 ta salonga tegishliligi aytilmoqda. Hatto kompaniyaning Shtutgartdagi filiali ham sotuvga qo‘yilgan. Sotuvga qo‘yilgan kompaniyalarda esa 8 ming nafar xodim ishlaydi.

“Hech qanday ishdan bo‘shatishlar bo‘lmaydi, biz Germaniyada ish o‘rinlarini saqlab qolish tarafdorimiz. Qolaversa, biz “Mercedes-Benz” ni Germaniyada muvaffaqiyatli sotishning raqobatbardoshligi va uzluksizligini ta’minlamoqchimiz”, degan kompaniya vakili.

“Yaxshi so‘zlar, lekin amalda bunday vaziyatlarda xodimlar jabr ko‘radi, ba’zilari ishdan bo‘shatiladi, boshqalarining esa maoshlari kamaytirilishi mumkin”, deyishmoqda jarayonni kuzatayotgan ekspertlar.

Kompaniya o‘zining salonlarini 2021 yildan beri sotishni rejalashtiradi. Masalan, Angliya, Ispaniya va Belgiyadagi salonlar allaqachon sotilgan.

Ba’zi bir tadqiqotchilar Xitoy avtomobil sanoatining jadal rivojlanishi tufayli 10 yildan so‘ng “Mercedes-Benz” va “BMW” kabi yirik avtomobil kompaniyalari tarixga aylanishi mumkinligini aytishmoqda. Ular so‘zlarining tasdig‘i sifatida, “Volvo” kompaniyasi taqdirini misol qilishmoqda. Chunki “Volvo” shu tariqa Xitoyga sotilgan va Yevropa brendi degan nomdan mosuvo bo‘lgan edi.