Shu kunlarda Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Umurzoqov boshchiligidagi delegatsiyaning Xitoy Xalq Respublikasidagi safari davom etmoqda.

Tashrif davomida delegatsiya a’zolari shaharlar ma’muriyati delegatsiya ishtirokchilarining madaniy ob’ektlarni boshqarish, shahar rejalashtirilishi va qurilishi borasidagi tajribasi bilan tanishmoqda.

Xususan, Shavkat Umurzoqov Xitoyning Anxoy provinsiyasi gubernatori bilan uchrashdi.

Anxoy provinsiyasi xalq hukumati gubernatori Van Sinsyan delegatsiya a’zolarini samimiy kutib oldi. Provinsiyaning umumiy ko‘rsatkichlari haqida qisqacha to‘xtalar ekan, Toshkent shahrining barcha tashabbus va g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini va bunga qiziqishini bildirdi.

Uchrashuvda ayni paytda O‘zbekistonda, xususan, Toshkent shahrida Xitoyning ko‘plab korxonalari faoliyat yuritayotgani, ular o‘z navbatida har ikki davlatning iqtisodiy rivojlanishiga hissa qo‘shayotgani, ular uchun eng qulay shart-sharoitlar yaratilgani, ularning huquq va manfaatlari qonun bilan kafolatlangani ma’lum qilindi.

Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, Sh.Umurzoqov Toshkent shahrida yaqin yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan bir qator yirik loyihalar bilan tanishtirib, viloyat ishbilarmon doiralari vakillarini o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli hamkorlikka taklif qildi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA