Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “Qurolni va uning o‘q-dorilarini o‘z ixtiyori bilan topshirganlik uchun qonunchilik hujjatlari takomillashtirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 220/1-moddasiga qo‘shimcha kiritish haqida”gi qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilindi.

– Respublika hududida qurol muomalasining huquqiy asoslarini belgilash hamda respublikada qurolning noqonuniy muomalasining oldini olishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, “Qurol to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilindi, – dedi ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Bekmurod Abdullayev. – Shuningdek, Jinoyat kodeksining 248-moddasida ham o‘qotar qurolning, o‘q-dorilarning, o‘qotar qurol asosiy qismlarining, portlovchi moddalarning, portlatish vositalarining yoki portlatish qurilmalarining qonunga xilof muomalasi uchun jinoiy javobgarlik belgilangan bo‘lib, ko‘rsatib o‘tilgan buyumlarni o‘z ixtiyori bilan topshirgan shaxs javobgarlikdan ozod qilinishi nazarda tutilgan.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 220/1-moddasida esa pnevmatik, signal beruvchi, uloqtirish, o‘zini o‘zi himoya qilish qurolini ruxsatnomalar va litsenziyalarsiz, qonunga xilof muomalasiga doir harakatlarni bajarish va faoliyatni amalga oshirish uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan. Lekin mazkur buyumlarni o‘z ixtiyori bilan topshirgan shaxs javobgarlikdan ozod qilinishi nazarda tutilmaganligi noqonuniy egalikdagi qurolning ixtiyoriy ravishda topshirilishiga doir ishlarni amalga oshirishda salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Shu bilan birga, “Qurol to‘g‘risida”gi qonunning 21-moddasida qurolni, shu jumladan yuqorida ko‘rsatilgan o‘qotar bo‘lmagan qurolni o‘z ixtiyori bilan topshirganlik uchun Vazirlar Mahkamasi tomonidan taqdirlash choralari belgilanishi mumkinligi bayon etilgan.

Qurolning turidan qat’i nazar, uning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashishga va ixtiyoriy ravishda topshirishga doir qonunchilikning samaradorligiga salbiy ta’sir etuvchi omillarni bartaraf etish zaruriyati tug‘ilmoqda. Shundan kelib chiqib, ushbu qonun loyihasi bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 220/1-moddasini pnevmatik, signal beruvchi, uloqtirish, o‘zini o‘zi himoya qilish qurolini o‘z ixtiyori bilan topshirgan shaxslar javobgarlikdan ozod qilinishiga oid insonparvar norma bilan to‘ldirilishi nazarda tutilyapti. Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi o‘qotar bo‘lmagan qurol turlarining noqonuniy muomalasining oldini olishga qaratilgan tadbirlarni jadallashtirishga hamda ular bilan bog‘liq bo‘lgan jinoyat va hodisalarning barvaqt oldini olishga xizmat qiladi.

Muhokamalar davomida deputatlar ayrim taklif va mulohazalarni bildirdi. Qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.

 Muhtarama Komilova, O‘zA