Xitoyning Urumchi shahrida O‘zbekiston – Xitoy mintaqalararo forumi o‘z ishini davom ettirmoqda. Unda Sirdaryo viloyatidan tashrif buyurgan rasmiylar va 60 dan ziyod ishbilarmonlar ishtirok etmoqda.

Sirdaryo viloyat hokimi Akmaljon Mahmudaliyev forum doirasida tashkil etilgan “Ishbilarmonlar hamkorligini kengaytirish va umumiy farovonlikni amalga oshirish” mavzusidagi konferensiyada nutq so‘zladi. Unda Xitoy bilan hamkorlikning bugungi holati va Sirdaryoga investitsiya kiritish istiqbollari haqida to‘xtaldi.

–O‘tgan 2023 yil Xitoy provinsiyalari va Sirdaryo viloyati o‘rtasidagi munosabatlar rivojlanishidagi turtki beruvchi davr bo‘ldi. Birgalikda umumiy qiymati 2,1 milliard dollar bo‘lgan 64 ta yangi loyiha ishlab chiqildi va 415 million dollarlik 6 ta loyiha ishga tushirildi. Ishonamanki, bu raqam yaqin kelajakda o‘sadi, – deb ta’kidladi viloyat hokimi.

Shuningdek, Prezidentimiz tashabbusi bilan viloyatdagi investitsion va ishbilarmonlik muhitini yaxshilash bo‘yicha dadil qadamlar tashlangani aytildi. Konferensiya “B2B” va “G2B” formatidagi uchrashuvlar bilan davom etdi. Muzokaralar yakunida umumiy qiymati 1,5 milliard dollarlik 21 ta kelishuvga erishildi.

Jumladan, “Xinjiang Xuri new Energy technology” kompaniyasi bilan qiymati 360 million dollarlik quyosh panellari va qayta tiklanadigan energiya manbalarini joriy etish loyihasi, “Tianjin Xinhang Power Technology” kompaniyasi bilan qiymati 100 million dollarlik innovatsion energiya bazasini barpo qilish loyihasi, “Savvy Industries Company limited” kompaniyasi bilan Shirin shahrida qiymati 22 million dollarlik quyosh batareyasi ishlab chiqarish loyihasi, “Bachjou Xaotyan” kompaniyasi bilan qiymati 3 million dollarlik tomchilatib sug‘orish tizimi uchun lentalar ishlab chiqarish loyihasi shular jumlasidan.

Forum doirasida yana bir muhim voqea, ya’ni, “Made in Uzbekistan” O‘zbekiston mahsulotlari ko‘rgazmasining ochilishi ham bo‘lib o‘tdi. Unda Respublikamiz hududlari, xususan Sirdaryoda ishlab chiqarilayotgan elektrotexnika, farmatsevtika, to‘qimachilik va ipakchilik sanoati, charm-poyabzal, oziq-ovqat, maishiy kimyo mahsulotlari, hunarmandchilik, qurilish materiallari, mebel va aksessuarlar namoyishi hamda hamkorlikda amalga oshirishga tayyor bo‘lgan istiqbolli investitsiya loyihalari taqdimoti o‘tkazildi.

Shuhrat Suyarov, O‘zA muxbiri.