Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining faoliyati yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi.

Qonun loyihasi bilan “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonunga davlat yordamini berishni nazarda tutuvchi loyihalar Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi bilan majburiy tartibda kelishib olinishini nazarda tutuvchi o‘zgartishlar kiritilmoqda.

Shuningdek, asosiy faoliyati tabiiy monopoliya bo‘lmagan xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tabiiy monopoliyalar sohasida faoliyat olib borganda, ular tabiiy monopoliya sub’ektlari hisoblanmasligi, bunda ushbu xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar tomonidan narxlar (tariflar) asossiz oshirilishi yoki noto‘g‘ri qo‘llanilishi, tadbirkorlar va iste’molchilar huquqlari va manfaatlarining kamsitilishi kabi holatlarda ularga nisbatan raqobat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablari qo‘llanilishi ko‘zda tutilmoqda.

Bundan tashqari, iqtisodiy ta’siri past holatlar bo‘yicha birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan tadbirkorlik sub’ektlariga javobgarlik choralarini qo‘llamagan holda, profilaktik tushuntirish tadbirlarini amalga oshirish belgilanmoqda. Qonun loyihasining qabul qilinishi bilan raqobat sohasini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar muvofiqlashtiriladi, bu esa tovar va moliya bozorida sog‘lom raqobat muhiti ta’minlanishiga xizmat qiladi.

Muhokamalarda deputatlar ayrim normalar yuzasidan savollarni o‘rtaga tashladi. Xususan, profilaktik tushuntirish tadbirlari aynan nima ekanligini qonunda aniq aks ettirish, qonun juda muhim ekani, uni yanada takomillashtirish zarurligi aytildi.

Qizg‘in bahs-munozaralardan so‘ng qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

 

M.Komilova,  

O‘zA