Chexiya AQSH bilan shu yilning mart oyida 24 ta F-35 qiruvchi samolyoti sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishadi. Bu haqda “CTK” axborot agentligi xabar bermoqda.
Chexiya hukumati ushbu tovushdan tez uchuvchi qiruvchi samolyotlarni xarid qilish qarorini 2023 yil sentyabrda qabul qilgan. Shartnomaning umumiy xarajati 150 milliard kronada (taxminan 6,5 milliard dollar) baholanmoqda. Bu Chexiya armiyasi uchun tarixdagi eng yirik moliyaviy bitim hisoblanadi.
F-35 samolyotlari Chexiya harbiy-havo kuchlarining Shvetsiyadan ijaraga olingan 14 ta tovushdan tez uchuvchi JAS-39 Gripen samolyotlari o‘rnini bosishi kerak. Agentlikning yozishicha, Amerika samolyotlari milliy havo kengliklarini 2069 yilgacha himoya qiladi.