Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti Madaniyat saroyida oliy ta’lim muassasalari talaba-yoshlar o‘rtasida “Quvnoqlar va zukkolar” ko‘rik-tanlovi o‘tkazildi.

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi, Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, “Quvnoqlar va zukkolar” assotsiatsiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘limi hamkorligida o‘tkazilgan tanlov yoshlarning ijtimoiy-ma’naviy bilimini yanada rivojlantirish, qobiliyatli yoshlarni aniqlash, ularning jamiyatimizdagi ijtimoiy faolligini oshirish, yoshlarni milliy urf-odatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Tanlovda “Bu qanday imkoniyat!” nomli tanishtiruv va “Biatlon” shartlari bo‘yicha sahna ko‘rinishlari namoyish etildi. Tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otgan tanlov yakunida Qoraqalpoq davlat universitetining “Jayxun” jamoasi birinchi, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Nukus filialining “Pegas shou” jamoasi ikkinchi, Nukus konchilik institutining “Olmos” jamoasi uchinchi o‘rinni egalladi.

G‘oliblar tashkilotchilar tomonidan kubok hamda esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA