O‘zbekiston Ekologik partiyasi o‘z dasturiy vazifalaridan kelib chiqib, ona tabiatni muhofaza qilish, aholining ekologik madaniyatini oshirish, shuningdek, Orolbo‘yi hududining ekologik holatini, aholining turmush sharoitini yaxshilash borasidagi siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etib kelmoqda.
–Bugungi kunda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 2 nafar, Jo‘qorg‘i Kengesda 12 nafar, shahar va tuman Kengashlarida 40 nafar deputatimiz faoliyat ko‘rsatmoqda, – deydi O‘zbekiston Ekologik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi partiya tashkiloti kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisi Aysanem Begimova. – O‘tgan davr mobaynida partiyamiz g‘oyaviy va tashkiliy jihatdan mustahkamlandi. 2023 yili 5 ming 547 fuqaro partiya safiga qabul qilinib, hozirgi kunda a’zolar soni 47 ming 386 nafarga yetdi. Shuningdek, o‘tgan yili 65 ta yangidan boshlang‘ich partiya tashkiloti tuzilib, hozirda 393 tasi faoliyat olib bormoqda.
Partiyaning dasturiy maqsadlari va vazifalarini targ‘ib qilish, uzluksiz ekologik ta’lim hamda tarbiya tizimini takomillashtirish, aholining ekologik madaniyat darajasini yuksaltirish, sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirish, yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirishga, yoshlarni tabiat va uning resurslariga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lish ruhida tarbiyalashga qaratilgan muntazam targ‘ibot-tashviqot tadbirlari o‘tkazildi.
“Yashil makon” loyihasi ijrosi doirasida o‘tkazilgan tadbirlarda yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan yurtdoshlarimiz o‘z hissasini qo‘shib kelayotgani, partiya faollari safida harakat qilganliklarini qayd etish mumkin.
Bugungi kunning dolzarb muammosi suv isrofining oldini olish maqsadida tarbiyaviy ahamiyatga ega videoroliklar, “Partiyaning besh yilligi munosabati bilan har birimiz besh tupdan ko‘chat ekaylik” shiori ostida chellendjlar, “Biz kelajak uchun javobgarmiz” shiori ostidagi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish aksiyalari, aholining, ayniqsa, yosh avlodning ekologik madaniyati hamda bilimini mustahkamlash, tabiiy resurslar, flora va fauna dunyosiga ehtiyotkor munosabatda bo‘lish masalalariga bag‘ishlangan videoroliklar tanlovi o‘tkazildi.
Shuningdek, “Ayollar qanoti”, “Yoshlar qanoti”, Yoshlar parlamenti a’zolari ishtirokida “Mehr harakati”, “Biz xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonliklarning barcha turlariga qarshimiz”, “Ayollar – atrof-muhit muhofazachilari” , “Xotin-qizlar huquqi kafolatlanadi” mavzularida davra suhbatlari, “Yashil qo‘llar”, “Parlamentning va yoshlarning Orolga nigohi” ekologik aksiyasi, “Tabiat uchun g‘amxo‘rmiz!”, “Konstitutsiya yoshlar nigohida” mavzularida targ‘ibot tadbirlari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
O‘tgan yil mobaynida ekologik sog‘lom muhitni yaratish yo‘lida qilingan sa’y-harakatlar o‘z samarasini bermoqda. Jumladan, yurtimizning betakror tabiatini turli xavf-xatarlardan asrash maqsadida birlashayotgan xayrixoh a’zolar soni kun sayin ortib bormoqda. Bu esa, O‘zbekiston Ekologik partiyasi o‘zining dasturiy maqsadlari sari dadil qadam tashlayotganidan dalolat beradi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.