Biznes-ombudsman – tadbirkorlarning ishonchli vakili

294

So‘nggi yillarda mamlakatimizda tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning rivojlanishi uchun qulay imkoniyatlar yaratish maqsadida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Birgina o‘tgan yilning o‘zida Biznes-ombudsmanga tadbirkorlardan jami 18 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan. Bu haqda AOKAda Biznes-ombudsman tomonidan bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lumot berildi.

Qayd etilganidek, kelib tushgan murojaatlar hamda olib borilgan o‘rganishlar asosida tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish borasida 3 ming 387 ta ta’sir chorasi qo‘llanilgan. Natijada, sudlar tomonidan 21,4 milliard so‘mlik da’vo tadbirkorlar foydasiga hal etilgan va 79,6 milliard so‘mlik hisoblangan qarzdorlik bekor qilingan (hisobdan chiqarilgan), 16 ta qaror haqiqiy emas deb topilgan.

Shuningdek, kiritilgan taqdimnomalar asosida 140 nafar mas’ul shaxs intizomiy javobgarlikka tortilgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan 2023 yilda tadbirkorlik faoliyatiga oid qonunchilik ijrosi bo‘yicha 8 ta nazorat organida o‘rganish o‘tkazilgan. O‘rganishda 7 ming 328 ta qonunbuzilishi holatlari aniqlanib, 9 ta taqdimnoma, 1 ming 140 nafar mansabdorga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan, 68 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortilgan.

Shuningdek, o‘rganish davomida ko‘rsatilgan davlat xizmatlari bo‘yicha tashkilotlarning tadbirkorlik sub’ektlari oldidagi 3,6 milliard so‘mlik kreditor qarzdorligi qoplanishi ta’minlandi.

2023 yilda 27 ta nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlar faoliyatida jami 124 ming 123 ta tekshiruv o‘tkazilgan bo‘lib, shundan 2 ming 399 tasi (2 foizi) kelishilgan holda, qolgan 121 ming 724 tasi xabardor etilgan holda o‘tkazilgan.

Nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshiruvlarni kelishish uchun kiritilgan jami 4 ming 703 ta buyurtmadan 2 ming 399 tasi kelishilgan va qolgan 2 ming 304 tasi tekshiruv o‘tkazish uchun qonuniy asoslar mavjud bo‘lmagani sababli rad etilgan. Tadbirkorlar faoliyatida 2023 yilda amalga oshirilgan tekshiruvlar soni 2022 yil shu davriga nisbatan 42 ming 914 taga kamaygani kuzatildi. Tekshiruvlardagi qonunbuzilish holatlari bo‘yicha 1 ming 303 nafar mansabdor shaxsga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan, 70 nafar xodimga intizomiy jazo qo‘llanilgan.

Tadbirkorlar faoliyatida olib borilgan tahlillar, murojaatlarda bildirilgan takliflar asosida Biznes-ombudsman devoni tomonidan 5 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi, shu jumladan 2 ta qonun, 2 ta Prezident farmoni va 1 ta Vazirlar Mahkamasi qarori ishlab chiqildi.

Shuningdek, tadbirkorlar faoliyatiga bevosita yoki bilvosita ta’sir qiluvchi 554 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi huquqiy ekspertizadan o‘tkazilib, ular bo‘yicha 502 ta taklif va e’tirozlar yuborilgan.

Qolaversa, tadbirkorlik faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan 17 ta taklif (tahliliy ma’lumotlar) tayyorlandi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA