Kinematografiya axborot xizmatining ma’lum qilishicha, o‘zbek kinorejissyori Muzaffarxon Erkinov nufuzli xalqaro kinofestivalga hakamlik qiladi

O‘zbek kinorejissyori Serbiya davlatida o‘tkazilayotgan “17-Kustendorf” xalqaro kinofestivalida 3 ta asosiy bosh hakamlar hay’ati qatoridan joy oldi.

Serbiyada jahon kino afsonasi Emir Kusturitsa tashkil qilgan “17- Kustendorf” xalqaro kino va musiqa festivali 2024 yil 23-27 yanvar kunlari bo‘lib o‘tadi. Kustendorf kinofestivaliga kinorejissyor Emir Kusturitsa tomonidan asos solingan. Ma’lumot uchun, Emir Kusturitsa 2023 yil Toshkent xalqaro kinofestivalida ishtirok etgan edi. Kustendorf har yili yangi paydo bo‘lgan rejissyorlar va jahon mualliflik filmining buyuklarini birlashtirishga e’tibor qaratadi.

Eslatib o‘tamiz, Muzaffarxon Erkinov — o‘zbekistonlik rejissyor va prodyuser. U rejissyor sifatida sakkizta badiiy film yaratgan. “Ushalmagan orzu” (2008), “Iste’dod” (2010), “Qasos” (2014), “Abdulla Avloniy” (2019), “Oydinlar” (2021), “Puankare” (2022), “Abdulla Oripov” (2023) shular jumlasidan. Shuningdek, u “Saodat” (2016, 2018), “Ezgulik hududi” (2017) “Abdulla Avloniy”, “Oydinlar”, “Puankare”, “Abdulla Oripov” kabi tarixiy seriallarni, shu bilan birga “Umidli dunyo”, “Novvoy”, “Yurak tilni ifoda eta olmaydi”, “Beshkubi”, “Vlad”, “Taqdir”, “Hayot to‘xtaydi”, “Bo‘sh vaqt qadri”, “Guliston bo‘stonga aylanadi”, “Milliy parlament tarixi” kabi 30 dan ortiq qisqa metrajli va hujjatli filmlar suratga olgan.

Uning rejissyor sifatidagi faoliyati O‘zbekistonda ham, xalqaro miqyosda ham e’tirof etildi.

Nasiba Elibekova, O‘zA