Ma’lumki, Xitoy O‘zbekiston bilan ko‘p tomonlama amaliy hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, bu ham aynan xitoylik hamkorlarning O‘zbekistonga qiziqishi nihoyatda kuchli ekanidan dalolat beradi.

Shu kunlarda, Xitoy Xalq Respublikasining poytaxti Pekin shahrida joylashgan O‘zbekiston elchixonasida bo‘lib o‘tayotgan O‘zbekiston-Xitoy agrar ta’lim forumida O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov, Shimoli-G‘arbiy Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi universiteti prorektori professor Vu Pute hamda Sinszyan universiteti rektori Syao Fu va bir qator qishloq xo‘jaligi universiteti rahbarlari ishtirok etmoqda.

Hozirda Toshkent davlat agrar universiteti Shimoli-G‘arbiy Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi universiteti hamda Sinszyan universiteti bilan  bir qator hamkorlik loyihalarini amalga oshirib kelmoqda.

Xususan, yaqinda Sinszyan universitetining 20 nafar o‘qituvchi va talabalari Toshkent davlat agrar universitetiga amaliyot o‘tash uchun kelgani ham O‘zbekiston-Xitoy o‘rtasidagi ko‘p yillik manfaatli hamkorlikning yana bir ko‘rinishidir.

Asosiysi, mazkur forumda Xitoy Xalq Respublikasining agrar ta’lim yo‘nalishidagi oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, eng so‘nggi texnologiyalarni o‘zaro transferi to‘g‘risida fikr almashinuvi yo‘lga qo‘yilmoqda.

Ibrohim Abdurahmonov o‘z navbatida bugungi kunda ilm-fanni rivojlantirish orqali qishloq xo‘jaligida yangicha qarash, yangicha munosabatlarga ishonch bildirgan holda davlatimiz rahbarining Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirayotgan tashrifi keng ko‘lamli islohotlarning izchilligini ta’minlashda alohida o‘rin tutishini ta’kidladi.

Shuningdek, tashkil etilayotgan mazkur uchrashuvlar yoshlarga ta’lim berish va ularning innovatsion g‘oyalarini hayotga tatbiq etishni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.

O‘zA