Kuni kecha respublikachilar partiyasidan nomzod ko‘rsatish bo‘yicha Trampga yagona raqib hisoblangan AQSHning BMTdagi sobiq doimiy vakili hamda Janubiy Karolina shtati sobiq gubernatori Nikki Xeyli kurashni to‘xtatmasligini va g‘alaba qozonish niyatida ekanini qat’iy ravishda ma’lum qildi.
Florida shtati gubernatori Ron Desantis Tramp foydasiga poygadan chiqqandan keyin, Xeyli respublikachilar partiyasidan 2024 yilda bo‘lib o‘tadigan saylovda prezidentlikka nomzod ko‘rsatish kampaniyasida “endi bir erkak va bir ayol qoldi”, deb bayonot berdi.
“Bu poygada 14 kishi ishtirok etdi, erkaklar ko‘p edi, ularning barchasi (Trampdan tashqari) poygadan chiqdi. Endi hammasi bir savolga kelib to‘xtaldi? Sizga nima kerak. Xuddi shu narsami yoki yangi narsami?” – dedi u Nyu-Gempshirda o‘z tarafdorlari qarshisida so‘zga chiqib.
Xeyli o‘ziga qadrdon hisoblangan Janubiy Karolinada respublikachilar partiyasi ichida bo‘lib o‘tadigan saylovgacha poygani davom ettirishini ta’kidlamoqda. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, bo‘lajak nomzod yana kamida bir oy kurashni davom ettira oladi, agar Tramp ustidan g‘alaba qozonsa, respublikachilardan nomzod sifatida prezident saylovida amaldagi prezident Jo Baydenga raqib bo‘lishi mumkin.
Xeylidan respublikachilardan kim nomzod bo‘lsa, uni qo‘llab-quvvatlaysizmi, deb so‘ralganda “u men bo‘laman”, deb javob qaytargan.
Ma’lumki, joriy yil kuzda Amerikada prezident saylovi bo‘lib o‘tadi. Ayni paytda mamlakatda ushbu saylovga nomzod ko‘rsatish harakatlari avjiga chiqqan. Nomzod ikki partiya – demokratlar hamda respublikachilar partiyasidan ko‘rsatilishi kerak. Lekin bunga qadar partiyalar ichida ham prezidentlik uchun yagona nomzodni aniqlash bo‘yicha kurash kechadi. Demokratlardan nomzod shundog‘am ma’lum. Amaldagi prezident Jo Bayden ikkinchi muddatga prezident bo‘lish istagini bildirgan. Shu bois nomzod ko‘rsatish poygasi aynan respublikachilar orasida kechmoqda.
Nomzod ko‘rsatish poygasida shu vaqtgacha 14 nafar da’vogar kurashayotgan edi, 12 nafari birin-ketin poygani tark etishga majbur bo‘ldi. Endi faqat ikki nomzod – sobiq prezident Donald Tramp hamda sobiq gubernator, AQSHning BMTdagi sobiq doimiy vakili Nikki Xeyli kurashni davom ettiradi.
Umuman, AQSHda saylovoldi voqealarga nazar tashlansa, saylovchilarning bir narsadan ko‘ngli to‘lmayotganini ham ta’kidlab o‘tish joiz bo‘ladi. Gap shundaki, agar Nikki Xeyli poygadan chiqib ketadigan bo‘lsa, Donald Tramp va amaldagi prezident Jo Bayden yana yuzma-yuz keladi. Ikkalasi ham mamlakat tarixidagi eng keksa prezidentlar ro‘yxatida yuqori o‘rinlarni egallab turibdi. Amerikaliklarning saylovdan ko‘ngli to‘lmayotganligiga sabab ham aynan yana ikki keksa siyosatchining yuzma-yuz kelayotgani bo‘lmoqda. Saylovchilarning bunday kayfiyati Nikki Xeyli uchun zo‘r imkoniyat bo‘lishi mumkin, agar undan unumli foydalansa, albatta.
“Amerikaliklarning 70 foizi Tramp-Bayden qarama-qarshiligini ko‘rishni istamayapti. Ayovada 56 ming kishi ovoz bergan, bu 2 foiz ham emas, bitta shtat uchun kam. Biz mamlakatda nimalar bo‘lishini ular belgilashiga yo‘l qo‘ymaymiz. Hali Nyu-Gempshir, Janubiy Karolinada bo‘ladigan super seshanba turibdi. Biz olg‘a yurishda, kurashishda davom etamiz va g‘alaba qilamiz. Odamlar menga past baho berishiga o‘rganmaganman”, – degan u tarafdorlari qarshisida.
Tramp esa partiyadoshini tashqi siyosatga g‘alati yondashuvlari, jumladan, Rossiya bilan ziddiyatda Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga tayyorligini tanqid qilib, uni globalist nomzod deb atagan.
Bir so‘z bilan aytganda, endi super seshanba ko‘p narsaga oydinlik kiritishi ma’lum bo‘lib qolmoqda.
S.Rahimov, O‘zA