Xitoyning taraqqiyoti va istiqbolli rejalari butun dunyoda katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Xitoy Xalq Respublikasi O‘zbekiston mustaqilligini birinchilardan bo‘lib, 1991 yil 27 dekabrda tan olgan. Shundan buyon ikki davlat o‘rtasidagi diplomatik munosabatlar va hamkorlik aloqalari samarali davom etib kelmoqda.

Bugungi kunda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik munosabatlar jadal va barqaror tus olmoqda. Ikki davlat rahbarlarining o‘zaro tashriflari va uchrashuvlari barcha darajadagi hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamladi.

So‘nggi yillarda Xitoy O‘zbekiston uchun 6 ming 500 dan ziyod turli kasblar uchun mutaxassislar tayyorlab berdi. Turizm sohasidagi sheriklik natijasi o‘laroq, Xitoyning 2013 yilda boshlangan Xivani arxeologik restavratsiya qilish loyihasi muvaffaqiyatli yakunlanib, qadimiy shaharga yangi ko‘rk bag‘ishladi. Endilikda yurtimizning diqqatga sazovor qadimiy joylarini ziyorat qilish imkoniga ega bo‘lgan xitoylik sayyohlar soni tobora ortib bormoqda.

Ayniqsa, O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha hamkorlik yangi pog‘onaga olib chiqildi.

Xitoydagi Kambag‘allikni qisqartirish xalqaro markazi tomonidan o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun amaliy seminar tashkil etildi. Unda jami 20 nafar, shundan 12 nafar hokim yordamchisi hamda 8 nafar vazirlik va uning huzuridagi tashkilot vakillari ishtirok etdi.

O‘z navbatida, 9 ming 442 nafar hokim yordamchilari Xitoyning kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha tajribasini o‘rganish maqsadida onlayn seminarda ishtirok etdi. Seminar jarayonida Xitoy tomonidan ishtirokchilarga nafaqat nazariy, balki amaliy ko‘nikmalar ham o‘rgatildi. Jumladan, o‘quv mashg‘ulotlariga Xitoyda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha yangi mexanizmlarni joriy etgan faol fuqarolar, tadbirkorlar va mahalliy hokimiyat vakillari taklif etilib, o‘z tajribalarini o‘rtoqlashdilar.

Joriy yilda esa Xitoyda tajriba almashuvchi mutaxassislar sonini 100 nafarga yetkazish rejalashtirilgan. O‘rganilgan bilim va tajribalarni mamlakatimizda qo‘llash maqsadida 14 ta tumanni kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ishlab chiqildi. Mazkur hududlar aholisining turmush darajasini yaxshilash, mahallalarni obodonlashtirish ishlari “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” mezonlari asosida jadal sur’atda olib borildi.

Xitoy bilan aloqalarni mustahkamlash maqsadida 2023 yilning oktyabr oyida Pekin shahrida bo‘lib o‘tgan “Bir makon, bir yo‘l” xalqaro forumida Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi hamda Xitoy Xalq Respublikasi Islohotlar va taraqqiyot bo‘yicha davlat qo‘mitasi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzolandi.

2023 yilning 29 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan kichik qo‘mitaning ilk yig‘ilishida 2024 yildagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi. Xitoy Xalq Respublikasi Qishloq xo‘jaligi va qishloq ishlari vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan 5 yillik chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish, hokim yordamchilari uchun Xitoyning kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha doimiy seminarlarini tashkil etish va ularning grafik-dasturini tasdiqlash masalalari shular sirasidan.

Bundan tashqari, Xitoyning Syansu provinsiyasi bilan hamkorlikda elektromobillarni ta’mirlash va ularga texnik xizmat ko‘rsatish bo‘yicha o‘zbekistonlik elektromexaniklarni o‘qitish va malakasini oshirish borasida kelishuvga erishildi. Natijada kasb-hunar markazlaridagi 30 nafar o‘qituvchining ro‘yxati shakllantirildi. Joriy yilning fevral oyidan boshlab ular reja asosida Xitoy davlatiga tajriba almashishga yuboriladi.

2022 yilda Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning O‘zbekistonga davlat tashrifi o‘zaro munosabatlar nechog‘lik mustahkamligining isbotidir. Uning “O‘zbekiston – Xitoy munosabatining yorqin kelajagini birgalikda yaratish yo‘lida” sarlavhali maqolasida “Xitoy va O‘zbekiston buyuk tamaddunga ega qadimiy davlatlardir. Buyuk ipak yo‘li xalqlarimizning 2000 yildan ziyod vaqt davomidagi do‘stona aloqalaridan darak beradi. O‘zbekiston − Markaziy Osiyoning qoq yuragida joylashgan yirik davlat. Alohida ta’kidlash kerak, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida o‘zbek xalqi Yangi O‘zbekistonni barpo etish sari buyuk yo‘lga tushib oldi. Turli sohalardagi islohotlar va taraqqiyot sur’ati jadal tus oldi. Mamlakat mutlaqo yangi qiyofaga ega bo‘ldi, munosib hayot sharoiti yaratilmoqda, respublikaning xalqaro maydondagi mavqei sezilarli ravishda mustahkamlandi. Samimiy do‘st va har tomonlama strategik hamkor sifatida muvaffaqiyatlaringiz bizni chin yurakdan quvontiradi”, deya alohida ta’kidlangan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning taklifiga binoan 2023 yilning 18-19 may kunlari ushbu mamlakatga tashrif buyurdi. Ushbu tashrif o‘zaro hamkorlikning mutlaqo yangi bosqichini boshlab berdi, desak, mubolag‘a emas. Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev Xitoy raisi Si Szinpinning taklifiga binoan 2023 yil 17-18 oktyabr kunlari Pekin shahrida bo‘lib o‘tgan “Bir makon, bir yo‘l” uchinchi xalqaro forumi tadbirlarida ishtirok etdi.  Tashrif davomida Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin qo‘shma bayonotni imzoladilar. 2023-2027 yillarga mo‘ljallangan O‘zbekiston bilan Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida yangi davrdagi har tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirish dasturini qabul qildilar. Tashrif doirasida ikki mamlakat o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash va amaliy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan qator hujjatlar imzolandi.

2023 yilning noyabr oyida Toshkentda Xitoy Xorijiy tillardagi adabiyotlar nashriyoti, Futszyan provinsiyasining Xalq nashriyoti va “O‘zbekiston” nashriyot-matbaa ijodiy uyi tashkilotchiligida Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpinning o‘zbek tilida chop etilgan “Qashshoqlikdan xalos bo‘lish” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi va jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otdi. Mazkur kitobda Xitoy qishloqlarida aholining daromadini oshirish, kiyim-kechak va yetarli oziq-ovqat bilan ta’minlash, shuningdek, aholining ta’lim olishi, davolanishi va uy-joy bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘plab amaliy tajribalar keltirib o‘tilgan.

Jahon banki mezonlariga ko‘ra, kambag‘allik chegarasidan ham past darajada − o‘ta qashshoq ahvolda yashagan 800 milliondan ziyod aholini qisqa muddatda ana shunday nochor ahvoldan olib chiqishga erishib, Xitoy davlati insoniyat tarixida ilgari kuzatilmagan buyuk inqilobiy ishni amalga oshirganiga ishonch hosil qilamiz.

Xulosa qilib aytganda, O‘zbekiston strategik aloqalarni yuksak qadrlaydi va Xitoyni doimiy ravishda ishonchli hamkor, yaxshi qo‘shni, yaqin do‘st sifatida ko‘rib kelgan va shunday bo‘lib qoladi.

Sardor RAHMONOV,

Kambag‘allikni qisqartirish va 

bandlik vazirligi boshqarma boshlig‘i.

O‘zA