Adliya vazirligi tomonidan “Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi” huquqiy aksiyasi o‘tkazilmoqda.

2024 yil 20 yanvardan 20 martga qadar davom etadigan huquqiy aksiya doirasida tug‘ilishi qayd etilmagani oqibatida shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarga ega bo‘lmagan shaxslarga yordam ko‘rsatiladi.

Yaqin qarindoshining o‘limi qayd etilmagan shaxslar, tug‘ilganligi yoki yaqin qarindoshining o‘limi haqidagi tibbiy ma’lumotnomaga ega bo‘lmagani sababli yuridik faktni belgilash yuzasidan sudlarga murojaat qilishi lozim bo‘lgan shaxslar huquqiy yordam oladi.

Shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda yoki qayta ro‘yxatdan o‘tkazishda muammolarga duch kelayotgan shaxslar, ko‘chmas mulklarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda qiyinchiliklarga duch kelayotgan shaxslarga ko‘mak ko‘rsatiladi.

Mazkur huquqiy aksiya doirasida, jumladan, qayd etilmagan tug‘ilganlik va o‘lim holatlari respublika miqyosida xatlovdan o‘tkaziladi.

Fuqarolarning ushbu turdagi murojaatlari joylardagi tuman (shahar) adliya bo‘limlarida tashkil etilgan maxsus shtablar yoki «1148» qisqa raqamli ishonch telefoni orqali tezkorlik bilan qabul qilinadi. Sayyor qabullar tashkil etiladi.

Natijasiga ko‘ra, mazkur shaxslarning tug‘ilganligi qayd etilib, tegishli hujjatlar rasmiylashtiriladi. Yaqin qarindoshlarining o‘limi qayd etilib, guvohnoma (ma’lumotnoma)lar beriladi. Tug‘ilish yoki o‘lim haqidagi faktlarni belgilash yuzasidan sudlarga arizalar kiritiladi va sud hujjati asosida tug‘ilish (o‘lim) qayd etib beriladi.

Tadbirkorlik sub’ektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda va qayta ro‘yxatdan o‘tkazishda ko‘maklashiladi. Ko‘chmas mulklarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda qiyinchiliklarga duch kelayotgan shaxslarga vakolatli organlar bilan birgalikda amaliy yordam ko‘rsatiladi.

 

N.Abduraimova, O‘zA